
Yil boshidan buyon Toshkent hokimligining yopiq qarorlari ulushi 67 foizdan oshgan
19.08.2025 | 15:506162
Shavkat Umurzoqov rahbarligida poytaxt hokimligining oshkora qarorlari ulushi bir yilda 53 foizdan 33 foizga tushib ketdi.
E-Qaror portali ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 yanvaridan 18 avgustga qadar Toshkent shahar hokimi 803 ta qaror qabul qilgan. Ulardan 264 tasi (32,9 foiz) ochiq holda e’lon qilingan bo‘lsa, 539 tasi (67,1 foiz) yopiq qolgan. Shu jumladan, 371 ta qaror «Xizmat doirasida foydalanish uchun» belgisi bilan qayd etilgan.
2024 yilning shu davrida hokimlik 763 ta qaror qabul qilgan edi. Ulardan 405 tasi (53,1 foiz) ochiq va 358 tasi (46,9 foiz) yopiq bo‘lgan. Demak, bir yil ichida qarorlar umumiy soni 5,2 foizga ko‘paygan, ammo yopiq qarorlar ulushi keskin o‘sgan.
Mutasaddilar bu holatni ayrim hujjatlar shaxsiy ma’lumotlar yoki xavfsizlikka oid bo‘lishi mumkinligi bilan izohlaydi. Biroq amaliyotda ko‘p hollarda moliya va xo‘jalik masalalariga oid qarorlar ham jamoatchilikdan yashirilayotgani kuzatilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, yopiq qarorlar ulushining oshishi hokimiyat faoliyatida oshkoralik tamoyillariga zid holat sifatida baholanmoqda. Bu esa jamoatchilik nazorati va davlat boshqaruvi shaffofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.





