add

«Yil futbolchisi —Eldor Shomurodov» — O‘FA yil laureatlarini aniqladi

30.01.2026 | 12:553 daqiqa

O‘FA tomonidan 2025 yil yakunlariga bag‘ishlangan marosimda o‘zbek futbolining tarixiy yutuqlari va eng munosib vakillari e’tirof etildi.

«Yil futbolchisi —Eldor Shomurodov» — O‘FA yil laureatlarini aniqladi

30-yanvar kuni O‘FA Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi kongressi hamda 2025 yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida o‘tgan yilda erishilgan natijalar sarhisob qilinib, milliy futbol taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan futbolchilar, murabbiylar, hakamlar va mutaxassislar taqdirlandi.

2025 yil o‘zbek futbol tarixida alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, milliy terma jamoaning ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi yilning eng yaxshilarini aniqlashda hal qiluvchi omil sifatida baholandi.

2025-yil laurentlari:

«Futbolimiz nuroniysi» — Axrol Inoyatov

Ahror Inoyatov

Uzoq yillar davomida «Paxtakor» sharafini himoya qilgan, murabbiy va futbol mutaxassisi sifatida ham o‘zbek futbol taraqqiyotiga hissa qo‘shgan Inoyatovning xizmatlari alohida e’tirof etildi.

«Fidoyilik ramzi» — Husan Temirov

Husan Temirov

Hududiy futbolni yoritish va targ‘ib qilishdagi fidokorona mehnati, xususan, «Nasaf» o‘yinlaridagi o‘ziga xos sharhlari bilan tanilgan jurnalist ushbu nominatsiyaga loyiq ko‘rildi.

«Yilning eng yaxshi bolalar futbol murabbiyi» — Yusuf Ergashev (Bunyodkor)

Yusuf Ergashev

Yosh futbolchilar bilan tizimli ishlashi, iqtidorlarni erta kashf etib, terma jamoalar darajasiga olib chiqayotgani mutaxassisning xizmatlari sifatida baholandi.

«Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi» — Sadriddin Hasanov

Sadriddin Hasanov

U-17 Osiyo chempionatidagi yorqin o‘yinlari va yetakchilik qobiliyati bilan Sadriddin Hasanov yilning eng istiqbolli futbolchisi sifatida e’tirof etildi.

«Ayollar oliy ligasining eng yaxshi to‘purari» — Diyora Habibullayeva

Diyoraxon Habibullayeva

31 ta gol muallifi bo‘lgan Diyora Habibullayeva butun chempionatning asosiy yetakchilaridan biri sifatida baholandi.

«Ayollar oliy ligasining eng yaxshi futbolchisi» — Nilufar Qudratova

Nilufar Qudratova

«Sevinch» klubi yetakchisi Nilufar Qudratova mavsum yakunlariga ko‘ra ushbu nominatsiyaga loyiq ko‘rildi.

«Ayollar futbolida yilning eng yaxshi murabbiyi» — Vladislav Xan

Vladislav Xan

Qarshining «Sevinch» klubi uning rahbarligida mamlakat chempionati, Superkubok va Kubokni qo‘lga kiritdi.

«Yilning eng yaxshi hakami» — Ilgiz Tantashev

Ilgiz Tantashev

Xalqaro maydondagi nufuzli uchrashuvlardagi faoliyati bilan Tantashev 2025 yilning eng yaxshi hakami deb topildi.

«Yilning eng yaxshi ayol hakami» — Nasibabonu Toshmuxammedova

Nasibabonu Toshmuhammedova

Erkaklar Superligasida bosh hakam sifatida ishlagan ilk ayol referi sifatida tarixiy natija qayd etdi.

«Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi» — Diyora Habibullayeva

Diyoraxon Xabibullayeva

Klub va terma jamoadagi barqaror o‘yini bilan ushbu sovringa sazovor bo‘ldi.

«Yilning eng yaxshi murabbiyi» — Temur Kapadze

Timur Kapadze

Milliy terma jamoaning jahon chempionatiga chiqishidagi hissasi uchun e’tirof etildi.

«Yilning eng yaxshi futbolchisi» — Eldor Shomurodov

Eldor Shomurodov

Yevropadagi faoliyati va terma jamoadagi yetakchilik roli bilan yil futbolchisi deb topildi.

«Eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiyasi»

Qoraqalpog‘iston futbol assotsiatsiyasi ushbu nominatsiyada g‘olib bo‘ldi.

Marosim yakunida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati 2025 yil milliy futbol tarixida alohida sahifa sifatida qayd etilganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, 2026 yilda jahon chempionatida munosib ishtirok etish asosiy maqsad etib belgilangan.

Shuningdek, kongress doirasida kadrlar masalasi ham ko‘rib chiqilib, Bahodir Qurbonov O‘FA prezidenti lavozimiga qayta saylandi. Ravshan Ermatov birinchi vitse-prezident, Odil Ahmedov esa vitse-prezident sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Teglar

Mavzuga oid