add

Yil oxiriga qadar 410 ta maktab oldiga radarlar o‘rnatiladi

16.06.2025 | 18:2012754

«Xavfsiz bolalik» dasturi doirasida 2025 yil yakuniga qadar magistral yoqasidagi 410 ta maktab oldiga radarlar o‘rnatiladi, 500 km dan ortiq trotuar va 300 dan ziyod ko‘tarma piyodalar yo‘li quriladi, deb ma’lum qildi YHXX.

Yil oxiriga qadar 410 ta maktab oldiga radarlar o‘rnatiladi
Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) 13 iyun kuni o‘tkazgan matbuot turida, 2025 yilning birinchi choragida maktablar yonida bolalar ishtirokida hech qanday yo‘l-transport hodisasi qayd etilmaganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda hozirda 10 ming 770 ta maktab bor va ularda taxminan 6,7 million nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. YHXX vakili Farrux Mirzaboyevning bildirishicha, «Xavfsiz bolalik» dasturi doirasida maktablar oldiga 208 ta tugmachaga ega svetofor, 217 ta mobil svetofor, 865 ta ko‘tarma piyodalar yo‘li va 1599 ta sun’iy yotqiziqliklar o‘rnatilgan. Shuningdek, 7598 ta metall to‘siq, 109 ta kuzatuv kamerasi joylashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 5150 ta maktabda yo‘l harakati qoidalari o‘qitiladigan maxsus sinflar tashkil etilgan va 42 ming 300 dan ortiq «xavfsiz yo‘nalish xaritasi» ishlab chiqilgan. Yo‘l patrul xizmati xodimlari maktablar yonida bolalarning xavfsiz yo‘lni kesib o‘tishi uchun mas’ul qilib tayinlangan. 2025 yilda ushbu dastur doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan: • magistral yo‘llarda 3224 ta yo‘l belgisi o‘rnatiladi; • 325 km trotuar quriladi; • 28 ta yer osti yoki yer ustidan o‘tuvchi yo‘l quriladi; • 410 ta maktab oldiga radarlar o‘rnatiladi. Shahar ko‘chalarida esa 320 ta ko‘tarma piyodalar yo‘li, 650 ta sun’iy to‘siq, 272 ta tugmachaga ega svetofor va 197 km trotuar qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2491 maktabda yo‘l xavfsizligi bo‘yicha ta’lim siniflari faoliyati tashkil etiladi. UNICEFning 2024 yil noyabridagi hisobotida bolalar o‘rtasida YTH oqibatidagi o‘lim va jarohatlar soni ortib borayotgani qayd etilgan edi. Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonova YHXX bilan hamkorlikda ushbu xavflarni kamaytirish yuzasidan ish olib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid