
YMB Yevropa banklarini dollar tanqisligiga tayyorgarlikka chaqirdi
Yevropa Markaziy banki yevrohududda dollarda katta operatsiyalar yurituvchi banklar likvidlikni oshirishi va ehtimoliy xavflardan himoya uchun qo‘shimcha kapital to‘siqlari yaratishini talab qilmoqda.

Yevropa Markaziy banki (YMB) yevrohududda dollarda yirik hajmda faoliyat yuritayotgan banklardan likvidlik zahiralarini oshirish va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash uchun qo‘shimcha kapital to‘siqlari shakllantirishni so‘radi. Bu haqda Politico nashri xabar bermoqda.
Yevropa MBning olti oylik moliyaviy barqarorlik hisobotida dollar bozorlaridagi operatsiyalar Yevropa iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishi qayd etilgan. Xususan, dollar bilan bog‘liq operatsiyalar ko‘plab bank xizmatlari va kapital bozorlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Hisobotda banklarni iqtisodiy shoklarga chidamli qilish maqsadida dollar likvidligini oshirish talab etiladi. YeMBning ta’kidlashicha, kurslardagi keskin tebranishlar yoki qarzdorlarning defolt xavfi ortib borishi sharoitida banklar kapital zahiralarini kuchaytirishi zarur.
«Valutalarda yuqori tebranishlar sharoitida kontragent xavfini kamaytirish uchun qo‘shimcha kapital to‘plashga to‘g‘ri kelishi mumkin», deyiladi hisobotda.
YMB banklarni likvid dollar aktivlarini oshirishga chaqirdi. Bu banklarga moliyaviy stress davrlarida chiqimlarni qoplash va bozorda barqarorlikni saqlash imkonini beradi. Shuningdek, hisobotda qayd etilishicha, stressli vaziyatlarda banklar uchun valyutali svoplarni uzaytirish qiyinlashishi mumkin. Ba’zi banklar bozordagi faollikni ushlab qolish uchun qo‘shimcha dollar moliyalashtirishga muhtoj bo‘lishi ehtimolga yaqin.
Fransuz regulyatori vakillari allaqachon Yevropani yuanni ilgari surib, savdo munosabatlarini tobora mustahkamlab borayotgan «Xitoydan o‘rnak olish»ga ochiqchasiga chaqirmoqda.
Yevropa Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, yevrohudud banklari o‘tgan yil yakunida dollarda 681 mlrd yevro qiymatida qimmatli qog‘ozlarga ega bo‘lgan. Shu bilan birga, dollardagi jami kredit portfeli 712 mlrd yevroga yetgan.
YMBning so‘nggi oylarda dollar xavflari yuzasidan ogohlantirishlari kuchaygan. Bu jarayon AQSH prezidenti Donald Trampning aprel oyida joriy etgan bojxona tariflari va FZT mustaqilligiga bosimlar tufayli dollarning ishonchli aktiv sifatidagi mavqei so‘rala boshlagani ortidan yanada tezlashdi.
Yangi tavsiyalar yevrohudud banklari dollardagi pozitsiyalarini ehtiyotkorlik bilan boshqarishi, xavflarni kamaytirishi va uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashi uchun amaliy yo‘riqnoma vazifasini bajaradi.





