add

Yo‘llarda ayrim qoidalarini ilk marta buzgan haydovchilarga ogohlantirish beriladi

17.06.2025 | 17:0046425

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yo‘l harakatida mayda qoidabuzarliklar uchun fuqarolarga jarimadan ko‘ra ogohlantirish berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Yo‘llarda ayrim qoidalarini ilk marta buzgan haydovchilarga ogohlantirish beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan ma’muriy ogohlantirish chorasini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlamentning quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, kichik xatarga ega bo‘lgan va birinchi marta sodir etilgan qonunbuzarliklar uchun jarima o‘rniga ogohlantirish berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ta’kidlashicha, ogohlantirish berilishi mumkin bo‘lgan holatlar qatoriga xavfsizlik kamarisiz haydash, transport vositasida aptechka yoki yong‘in o‘chirish vositasi bo‘lmasligi, texnik ko‘rikdan o‘tmaslik, rulda telefondan foydalanish, sug‘urta polisi bo‘lmasligi va piyodalar hamda velosiped haydovchilarining ba’zi buzilishlari kiradi. Bir haydovchiga ogohlantirish faqat bir yilda bir marta berilishi mumkin. Shuningdek, Shirinov ayrim haydovchilarning «to‘siqni aylanib o‘tish» yoki yo‘l chizig‘ining yo‘qligi sababli jarimaga uchrayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganini ma’lum qildi. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, yo‘l chizig‘ini buzish holatlari foto va videofiksatsiya orqali jarima solishdan chiqarib tashlanadi. Foto va videofiksatsiya orqali qayd etilishi mumkin bo‘lgan aniq huquqbuzarliklar ro‘yxati ham belgilangan: xavfsizlik kamarisiz haydash, davlat raqamsiz yoki boshqa avtomobil raqami bilan haydash, trotuarda yurish, telefondan foydalanish, tezlikni oshirish, qizil chiroqqa o‘tish, to‘xtash qoidalarini buzish, jamoat transporti yo‘lagida haydash va boshqalar. Bundan tashqari, kamera va radarlar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun jarima qarorini chiqarish muddati bir oyga qisqartirildi. Hozirda ayrim holatlarda bu muddat 7–8 oygacha kechikishi mumkinligi qayd etildi. Qonun loyihasi 125 deputatning ovozi bilan qabul qilindi. Bir deputat betaraf qoldi, besh nafari ovoz bermadi. Eslatib o‘atmiz, may oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorda aynan shunday mexanizmni joriy etish belgilangan edi.

Teglar

Mavzuga oid