add

«Yopiq» deyilayotgan Humans ishi: jabrlanganlar puliga kim javob beradi?

Bugun 14:152193 daqiqa

Humans ilovasi orqali ruxsatsiz pul yechib olish holatlari ortidan Markaziy bank audit boshladi, ammo fuqarolar zarari va ma’lumotlar xavfsizligi masalasi ochiq qolmoqda.

«Yopiq» deyilayotgan Humans ishi: jabrlanganlar puliga kim javob beradi?

Dekabr oyi boshida «Humans» ilovasiga ulangan kartalardan egasining ruxsatisiz pul yechib olingan edi. Vaqt.uz nashri ushbu holat yuzasidan Markaziy bankdan izoh olishga urindi. Shuningdek, foydalanuvchilar ma’lumotlari sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarga ham duch kelindi.

Fuqarolar orasida ko‘plab savollarni keltirib chiqargan ushbu voqea 4–8-dekabr kunlari qayd etilgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, voqeadan oldinroq, oktabr oyida «Humans» kompaniyasi sud qarori bilan bankrot deb e’lon qilingani ham ma’lum bo‘ldi.

Vaqt.uz nashri ushbu masala yuzasidan Markaziy bank SERT SBU Kiberxavfsizlik markazi boshliq o‘rinbosari Davron Abdullayevga yuzlandi:

«Bu masala haqida biror nima deya olmayman. Markaziy bank “Humans” ustidan audit o‘tkazmoqda. Bu — yopiq masala», — dedi u.

Xo‘p, mazkur vaziyat «yopiq» masala ekan, fuqarolar taqdiri nima bo‘ladi? U ham yopiqligicha qolaveradimi? Ularning ko‘rgan zararlarini kim qoplab beradi?

Vaqt.uz «Humans» ilovasi orqali pul yechib olingan foydalanuvchilarning my.id ma’lumotlari sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarga ham duch keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, firibgarlar jabrlanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va shu orqali «Humans» ilovasiga qayta kirishni amalga oshirib, pullarni yechib ketgan.

Foydalanuvchilar izohlarda ushbu holat aynan shubhali amaliyot ekanini, aksariyat hollarda ilovaga kirish harakatlarini o‘zlari amalga oshirmaganini ta’kidlagan.

humans 01

humans 02

Endi yana bir savol tug‘iladi: ushbu ma’lumotlar firibgarlarning qo‘liga qayerdan kelib qolgan? Yana shunday holat takrorlanmasligiga kim kafolat beradi? Agar firibgarlar kam sonli fuqarolarning my.id orqali shaxsiy ma’lumotlariga ega chiqqan bo‘lsa, boshqa fuqarolarning ham ma’lumotlari qo‘lga kiritilishi va bu orqali kelgusida odamlar uchun yanada ziyonkor operatsiyalar amalga oshirilishi ehtimoli mavjud.

O‘tkazilgan pul amaliyotlari bo‘yicha olingan skrinshotlardan ma’lum bo‘lishicha, o‘marilgan barcha mablag‘lar faqat bitta terminal ID’ga yo‘naltirilgan. Biroq ushbu terminal ID kimga tegishli ekani haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikdan «yopiq» masala sifatida sir tutib kelinmoqda.

humans 03

humans 05

 

Terminal ID nima va nima uchun kerak?

Terminal ID — bu to‘lov amalga oshirilgan texnik platforma yoki virtual terminalni aniqlovchi yagona identifikatsiya raqamidir. U orqali banklar va to‘lov tizimlari tranzaksiya qaysi servis, qaysi tizim yoki qaysi texnik kanal orqali amalga oshirilganini aniqlaydi.

Terminal ID asosan ichki nazorat, moliyaviy monitoring, texnik tekshiruvlar hamda nizoli holatlarda to‘lovni tez va aniq aniqlash uchun qo‘llaniladi. Oddiy foydalanuvchi uchun u kundalik foydalanishda muhim bo‘lmasa-da, pul o‘tkazmalarini tekshirish, bekor qilish yoki shikoyat jarayonlarida muhim texnik ma’lumot hisoblanadi.

 

Bunday holat avval kuzatilganmi?

«Humans» foydalanuvchilarining ayrimlari izohlarda ushbu holatga o‘xshash voqealar avval ham sodir bo‘lgani va ularga hech qanday aniq javob berilmaganini ta’kidlagan. Ayrim holatlarda fuqarolardan 160 million so‘mdan ortiq mablag‘ yechib olingani, hatto plastik karta manfiy balansga tushib qolgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Shu bilan birga, ushbu holatlar bo‘yicha ochilgan ishlar hozirgacha hal etilmagani, javobgarlik masalasi esa ochiq qolgani qayd etilmoqda.

humans 06

 

Dalillar va ma’lumotlar bor. Ammo ushbu masalaga mas’ul bo‘lganlar qachon barcha savollarga nuqta qo‘yuvchi ochiq munosabat bildirishi hanuz mavhumligicha qolmoqda. Vaqt.uz esa «Humans»ga aloqador ushbu holat bo‘yicha o‘rganishlarni davom ettiradi.

Teglar

Mavzuga oid