add

Yoshlarga xorijiy til o‘rganish uchun «2+6» dasturi orqali subsidiya beriladi

09.10.2025 | 18:0030833

Xorijiy tilni o‘rganayotgan yoshlar dastlab ikki oylik to‘lovni o‘z hisobidan qoplab, keyingi olti oyda davlat subsidiyasidan foydalanishi mumkin.

Yoshlarga xorijiy til o‘rganish uchun «2+6» dasturi orqali subsidiya beriladi
Hukumatning 2025 yil 8 oktyabrdagi 632-son qarori bilan «Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat doirasida «2+6» dasturi orqali yoshlar uchun til o‘rganish xarajatlarini qisman qoplash tizimi joriy etiladi. Nizomga muvofiq, xorijiy til bo‘yicha belgilangan minimal darajadagi sertifikatga ega yoshlar o‘quv markaziga dastlabki ikki oylik to‘lovni o‘z mablag‘idan amalga oshirgandan keyin, keyingi olti oy davomida to‘lovlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Buning uchun mablag‘lar Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladi. Subsidiya miqdori hududlar bo‘yicha farq qiladi. Toshkent shahrida – BHMning 2 baravarigacha; Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida – BHMning 1,5 baravarigacha; Tuman (shahar)larda – BHMning 1 baravarigacha. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumoticha, 2025–2026 yillarda xorijiy tillarni o‘quv markazlarida o‘rganayotgan 20 ming nafar yosh subsidiya bilan qoplanadi. 2031 yilga qadar har yili shuncha yosh davlat yordamidan foydalanishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yillik limit 20 ming nafardan oshgan taqdirda, subsidiya ajratish jarayoni keyingi yilgacha to‘xtatiladi. Dasturda faqat elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan va o‘quvchilarning davomatini kunlik elektron tarzda nazorat qilish imkonini beruvchi o‘quv markazlargina ishtirok eta oladi.

Teglar

Mavzuga oid