
YouTube 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarni aniqlovchi yangi AI texnologiyasini joriy etmoqchi
30.07.2025 | 15:4544784
YouTube 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarni aniqlash va ularni zararli kontentdan himoya qilish maqsadida sun’iy intellekt asosida ishlovchi yangi yoshni baholash texnologiyasini ishga tushirishini e’lon qildi.
CBS NEWS xabar berishicha, YouTube yangi sun’iy intellekt vositasida ishlovchi yoshni baholash texnologiyasini yaqin haftalarda sinovdan o‘tkazishni boshlaydi. Bu haqda kompaniyaning mahsulotlar bo‘yicha direktori Jeyms Bezer ma’lum qilgan. Yangi funksiya foydalanuvchining ko‘rgan videolari, ularning toifalari va akkaunt faolligi asosida uning taxminiy yoshini belgilaydi, tug‘ilgan sanaga bog‘liq bo‘lmaydi.
Texnologiya 18 yoshdan kichik deb aniqlangan foydalanuvchilar uchun shaxsiylashtirilgan reklama ko‘rsatilishini cheklaydi, ma’lum turdagi kontentni takroriy ko‘rish imkonini kamaytiradi va boshqa choralarni ko‘radi. Agar tizim foydalanuvchi yoshini noto‘g‘ri baholasa, u o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi orqali xatoni to‘g‘rilashi mumkin.
YouTube ning rasmiy blogiga ko‘ra, faqat 18 yoshdan katta deb aniqlangan yoki tasdiqlangan foydalanuvchilargina yoshga oid cheklovga ega kontentni ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Texnologiya ayrim mamlakatlarda allaqachon muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan, biroq qayerda ekanligi aniq aytilmagan.
YouTube ning bu qadami Pew tadqiqoti orqali ham izohlanadi — unga ko‘ra, 13–17 yoshli o‘smirlarning 90 foizi ushbu platformadan foydalanadi. TikTok’dan foydalanuvchilar ulushi 63 foizni tashkil qilgan.
Ta’kidlanishicha, bu yangi funksiya YouTube tomonidan ilgari joriy etilgan boshqa xavfsizlik vositalarini — masalan, nazoratli akkauntlar orqali bolalar faoliyatini ota-onalar kuzatishi mumkinligi — to‘ldiruvchi qadam hisoblanadi.
Bundan tashqari, kompaniya AI texnologiyasi orqali zararli kontentni aniqlash va o‘chirishni davom ettirmoqda. Ammo New York Times nashriga ko‘ra, Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatida YouTube o‘z siyosatida xavfsizlik emas, so‘z erkinligiga ko‘proq e’tibor qarata boshlagan.





