add

YTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar aylanmadan 1 foiz soliq to‘laydi

Bugun 14:253363 Daqiqa

2026 yil 1-yanvardan soliq hisobotlari soddalashtirilib, aylanmadan soliq to‘lovchi YTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yangi qoidalar amalga kiritiladi.

YTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar aylanmadan 1 foiz soliq to‘laydi

Adliya vazirligi soliq hisoboti shakllariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

2025 yil 26-noyabrda tasdiqlangan ushbu tartib amaldagi qonunchilikka muvofiq soliq hisobotlarini to‘ldirish bo‘yicha bir qator muhim yangiliklarni o‘z ichiga oladi.

Eng asosiy o‘zgarishlardan biri yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasining 1 foiz etib belgilanishi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan ushbu toifaga mo‘ljallangan soddalashtirilgan hisobot shakli joriy qilinmoqda va soliqchilar uchun hujjat to‘ldirish jarayoni yanada yengillashtiriladi.

Shuningdek, umumiy quvvati 100 kWhgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarib, uni umumiy tarmoqqa realizatsiya qiluvchi tadbirkorlar uchun muhim o‘zgarish kiritildi. Ular olgan foydaga nisbatan nol stavka qo‘llanishi belgilangani bois, soliq hisobotlari shakllariga bu band bo‘yicha alohida to‘ldirish talablari qo‘shildi.

Bir qator tuman va shaharlar iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, xalq deputatlari kengashlariga ijara stavkalarini 2 baravargacha oshirish huquqi berilgani munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulkni ijaraga berishda stavkani ko‘rsatish majburiyati bekor qilinmoqda. Bu amaliyot ijara munosabatlaridagi ortiqcha byurokratiyani kamaytirishga qaratilgan.

Mazkur hujjat 2026 yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Bundan tashqari, 2026 yil uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan byudjetnomada ham soliq yukini qisqartirishga qaratilgan yana bir qancha normalar amalga kirishi kutilmoqda. Aylanmadan olinadigan soliqdan ilk bor QQS va foyda solig‘iga o‘tayotgan tadbirkorlar bir yil davomida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Shuningdek, ular 6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining belgilangan qismiga kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Foyda solig‘i bo‘yicha har oyda bo‘nak to‘lovni amalga oshirish majburiyati uchun daromad chegarasi 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga oshirilib, soliq yuklamasini yengillashtirishga qaratilgan tartib joriy etilmoqda. Amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan usulda amortizatsiya qilish huquqi esa uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga Prezident qarorlari asosida beriladi.

Shu bilan birga, chet elliklar (norezidentlar)ga dividend to‘lovlarida foyda solig‘ini hisoblash tartiblari qayta ko‘rib chiqilib, avval to‘langan soliq miqdorini inobatga olib kamaytirish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar esa kompaniyaning tovar aylanmasi va xodimlar soni kabi maqsadli ko‘rsatkichlar asosida beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1-yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanishi 2025 yil 11-avgustda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimotda keltirib o‘tilgan edi. Prezident bu takliflarni ma’qullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Teglar

Mavzuga oid

YTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar aylanmadan 1 foiz soliq to‘laydi | Vaqt.uz