
Yuliy Yusupov: QQS bekor qilinishi fermerga ham, xalqqa ham zarar
08.09.2025 | 08:0050354
Iqtisodchi Yuliy Yusupovga ko‘ra, fermerlarga QQSni bekor qilish qarori xalq uchun narx tushishiga emas, aksincha, xato oqibatlarga olib keladi.
O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab fermer va dexqonlar yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu meva, sabzavot, go‘sht, sut, tuxum kabi mahsulotlarga taalluqli bo‘ladi. Biroq bu imtiyoz paxta va don mahsulotlariga tatbiq etilmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bu chora 48 ming fermerga taalluqli bo‘lib, rentabellikni 5–7 foizdan 15 foizgacha oshirishini aytdi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov esa bu o‘zgarish to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilmasligini, ayniqsa klaster tizimidagi don va paxta bundan mustasno ekanini qayd etdi.
Biroq iqtisodchi Yuliy Yusupov ushbu o‘zgarishdan nafaqat fermerlar, balki iste’molchilar ham zarar ko‘rishini ta’kidladi. Uning fikricha, QQS faqat muayyan tovarlarga, butun ta’minot zanjiri bo‘yicha qo‘llanilishi kerak. Aks holda, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasi QQSni qaytarib ololmaydi va narxlar oshadi.
Yuliy Yusupovning ta’kidlashicha, fermerlar o‘z mahsulotlarini arzonroq sotishga majbur bo‘ladi, chunki bozorda ularning tovarlari QQSni qaytarish imkoni bo‘lmagani uchun kam talab qilinadi. Shu bilan birga, fermerlar oldin to‘langan QQSni qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladi, biroq soliq organlari bunga qarshilik qilishi mumkin.
Moliya vazirligi va soliq qo‘mitasi bu borada tadbirkorlarning e’tirozlarini qabul qilmagan. Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev bugungi soliq yuki yetarlicha yengil ekanini va «xufiyona» iqtisodiyotga qarshi kurash olib borilayotganini ta’kidladi. Uningcha, muammo soliq yukida emas, balki amaldagi QQS qaytarish mexanizmlarida.





