add

Zayd mukofotining 2026 yilgi laureatlari e’lon qilindi: Hakamlar hay’atida Saida Mirziyoyeva ham bor

Bugun 20:382 daqiqa

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari ushbu mukofotning mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tarkibidagi Markaziy Osiyoning birinchi va yagona vakili hisoblanadi.

Zayd mukofotining 2026 yilgi laureatlari e’lon qilindi: Hakamlar hay’atida Saida Mirziyoyeva ham bor© Фото: Telegram / Saida Mirziyoyeva

Burj Xalifa shahrida joylashgan Insoniy birodarlik bo‘yicha Zayd mukofoti qo‘mitasi 2026 yilgi laureatlar nomini ochiqladi. Nufuzli mukofotga Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi hamda afg‘onistonlik huquq himoyachisi Zarqa Yaftali loyiq deb topildi.

Insoniy birodarlik bo‘yicha Zayd mukofotining hakamlar hay’ati 2026 yilgi g‘oliblarni rasman e’lon qildi. Bu yilgi tanlovda Janubiy Kavkazda ko‘p yillik ziddiyatlarga chek qo‘ygan Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi «Tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risida»gi tarixiy kelishuv yuksak e’tirof etildi. Shuningdek, afg‘onistonlik qizlarning ta’lim olish huquqlari yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan faol Zarqa Yaftali ham xalqaro mukofot sohibiga aylandi.

Ushbu mukofot g‘oliblarini aniqlashda ishtirok etgan mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tarkibida Markaziy Osiyo mintaqasidan yagona vakil sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi. Saida Mirziyoyeva o‘z chiqishida mazkur tanlov tinchlik va inson qadr-qimmati tamoyillariga nisbatan global axloqiy majburiyatni ifodalashini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bu e’tirof xalqaro hamjamiyatga umid bag‘ishlab, insoniy birodarlikning barqaror o‘zgarishlar qilishga qodirligini yana bir bor isbotlaydi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu mukofot Kavkaz mintaqasida tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi jamoaviy mehnatning mahsuli ekanini bildirdi. Tomonlar mazkur e’tirof ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab, BAA asoschisi Shayx Zayd bin Sulton Ol Nahayon nomidagi mukofotni olish katta sharaf ekanini qayd etdilar. Ikkinchi laureat Zarqa Yaftali esa bu mukofot ta’limdan uzilgan afg‘on qizlari uchun kuchli motivatsiya va umid manbai bo‘lishini aytdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Zayd mukofoti 2019 yilda Rim papasi Fransisk va Al-Azhar imomi Ahmad al-Toyib tomonidan imzolangan «Insoniy birodarlik to‘g‘risida»gi hujjat asosida ta’sis etilgan. Mukofot dunyoda tinchlik va hamjihatlikni targ‘ib qiluvchi shaxslar hamda tashkilotlarni rag‘batlantirishni maqsad qilgan. Shu kungacha ushbu sovringa dunyoning 19 mamlakatidan turli soha vakillari loyiq ko‘rilgan.

Taqdirlash marosimi 2026 yilning 4-fevral kuni Abu-Dabi shahrida, BMT tomonidan belgilangan Xalqaro insoniy birodarlik kunida bo‘lib o‘tadi. Tadbir «Muassis yodgorligi» majmuasida o‘tkazilib, dunyo bo‘ylab jonli efirda namoyish etiladi. Ushbu sanada insoniyat manfaati yo‘lida xizmat qilgan yangi qahramonlar rasman sharaflanadi.

Teglar

Mavzuga oid