
Zelenskiy: «AQSH urushni yozgacha yakunlamoqchi»
Ukraina prezidentining aytishicha, Vashington Moskva va Kiyevga energetika bo‘yicha tanaffusni tiklashni taklif qildi va urushni yoz boshigacha yakunlash grafigini muhokama qilmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH Rossiya va Ukrainaga energetika sohasida deeskalatsiya qilish, ya’ni energetik tanaffusni qayta tiklashni taklif etganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Ukraina bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, ammo Rossiya hali rasman javob bermagan.
Prezident jurnalistlar bilan muloqotda AQSH urushni taxminan iyun oyigacha yakunlash variantini ko‘rib chiqayotganini va ehtimol, aynan shu grafik asosida tomonlarga bosim o‘tkazishini aytdi. «Amerika ikki tomonga ham urushni yozgacha yakunlashni taklif qilyapti», dedi u.
Zelenskiyga ko‘ra, Vashington barcha asosiy kelishuvlarni bir vaqtning o‘zida imzolash imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, bir hafta ichida Mayami shahrida yangi uch tomonlama muzokaralar o‘tkazish taklif etilgan, Ukraina bu taklifga rozilik bildirgan.
Muzokaralar mazmuni
Prezidentning ta’kidlashicha, Abu Dabida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ehtimoliy otashkesimning texnik jihatlari va uni nazorat qilish mexanizmlari muhokama qilingan. Bu jarayonda AQSHning ishtiroki muhim element sifatida ko‘rilmoqda.
Donbass masalasiga to‘xtalgan Zelenskiy Ukraina «turgan joyda qolish» tamoyilini o‘t ochishni to‘xtatish uchun eng ishonchli model deb hisoblashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu pozitsiya Ukraina delegatsiyasi tomonidan aniq belgilab qo‘yilgan.
Ukraina prezidenti shuningdek, ukrain tomoni o‘zining «qizil chiziqlari»ni ochiq aytganini ta’kidlab, AQSH va Rossiya o‘rtasida Ukraina ishtirokisiz tuziladigan har qanday kelishuvlar mamlakat Konstitutsiyasiga zid bo‘lmasligi shartligini bildirdi.
Energetika va xatarlar
Zelenskiy hal etilmagan masalalar orasida Zaporijjya atom elektr stansiyasi taqdiri qolib ketayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu masala alohida emas, balki hudud ekotizimini tiklash bilan bog‘liq holda kompleks tarzda hal qilinishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan energiya obyektlariga zarbalarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan edi. Rossiya tomoni 1-fevralgacha hujumlarni to‘xtatganini tasdiqlagan, ammo 3-fevral kuni Ukraina infratuzilmasiga yangi yopirilma zarbalar berildi. Shundan so‘ng Tramp Kreml «o‘z so‘zida turgani»ni aytib, urushni yakunlash istagini yana bir bor bildirgan.





