
Zelenskiy Putinga Qozog‘istonda uchrashishni taklif qildi
24.09.2025 | 18:3030333
Shu bilan birga Ukraina prezidenti Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Yevropa mamlakatlarini ham muhokama maydonlari sifatida taklif etgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy FoxNews telekanaliga bergan intervyusida Vladimir Putin bilan uchrashuv masalasiga to‘xtalib, Qozog‘istonni ham ehtimoliy variant sifatida tilga oldi. Uning aytishicha, Kiyev mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish maqsadida bir qator davlatlarni uchrashuv maydoni sifatida taklif qilgan.
Zelenskiy Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, shuningdek, Avstriya va Shveysariya kabi neytral Yevropa davlatlari nomini sanagan.
«Agar xohlasangiz, masalan, Qozog‘istonda», degan Ukraina rahbari.Ma’lumot uchun, Putin Ukraina prezidentini Moskvada uchrashuvga chaqirgan edi. Ukraina buni haqoratli va mantiqan mumkin emas deb hisoblab, uchrashuv o‘tkazish taklifni rad etgandi. Ukraina rahbari hujum qilgan mamlakat poytaxtiga bormasligini bildirib, uchrashuv uchun Kiyevni taklif etgan. Eslatib o‘tamiz, 23 sentyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev BMT Bosh Assambleyasi doirasida Zelenskiy bilan uchrashib, Ukrainadagi mojaroni diplomatik usulda hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlagan. Suhbat chog‘ida ikki tomon savdo-iqtisodiy munosabatlar va qozog‘istonlik biznesning Ukraina tiklanishiga qiziqishi haqida ham fikr almashgan. Zelenskiy Qozog‘istonga Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.





