
Zelenskiy Rossiyaning urushdagi asl maqsadini ochiqladi
Ukraina prezidenti Rossiya tinchlikka tayyor emasligini, uning asosiy maqsadi esa Ukraina davlatchiligini to‘liq yo‘q qilish ekanini bildirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya Ukraina bilan urushda hech qanday murosaga tayyor emasligini va tinchlikka borishni istamayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva hali sanksiyalar bosimini to‘liq his qilmayapti, shu sabab iqtisodiy va siyosiy bosimni yanada kuchaytirishdan boshqa yo‘l yo‘q.
20-dekabr kuni jurnalistlar savollariga javob bergan Zelenskiy Rossiya diplomatik yechimdan qochayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, agressor davlat muzokaralarga rozi bo‘lmasa, unga nisbatan sanksiyalar kengaytirilishi va bosim maksimal darajaga yetkazilishi lozim.
Ukraina rahbari Rossiyaning strategik maqsadi o‘zgarmaganini alohida urg‘uladi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya Ukraina davlatini to‘liq bosib olish va uning mustaqilligini yo‘q qilish niyatidan hech qachon voz kechmagan. «Rossiya har doim bunga intilgan va hozir ham shuni istayapti», dedi Zelenskiy.
Shu bois u sanksiyalar va iqtisodiy bosim hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Zelenskiyning aytishicha, Kreml rahbariyati moliyaviy resurslardan mahrum bo‘lsa, urushni davom ettirish imkoniyati ham cheklanadi. «Agar ularning puli qolmasa, urush ham tugaydi», dedi u.
Ukraina prezidenti, shuningdek, AQSHni Rossiyaga nisbatan yanada qat’iy pozitsiya egallashga chaqirdi. U Vashington Moskvaga aniq signal berishi kerakligini bildirdi: agar Rossiya diplomatiyadan bosh tortsa, Ukrainaga harbiy yordam keskin oshiriladi va sanksiyalar butun iqtisodiyot hamda daromad keltiradigan barcha sohalarni qamrab oladi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina uchun boshqa variant yo‘q. Agar bosqinchi davlat diplomatiyani rad etsa, unga nisbatan bosimni kuchaytirish — yagona samarali yo‘l hisoblanadi.





