add

Zelenskiy–Tramp uchrashuvida yechilmagan 10 foiz hal qiluvchi masala bo‘lib qoldi — CNN

Kecha 23:072 daqiqa

CNN tahliliga ko‘ra, Zelenskiy va Trampning Floridadagi uchrashuvi yaqin tinchlik imkoniyatini ko‘rsatdi, ammo eng og‘ir masalalar hali ham ochiq qolmoqda.

Zelenskiy–Tramp uchrashuvida yechilmagan 10 foiz hal qiluvchi masala bo‘lib qoldi — CNN

CNN 29-dekabr kuni Floridada bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlarini tahlil qilar ekan, AQSH OAV Zelenskiy va Tramp muzokaralaridagi asosiy xulosalarni e’lon qildi. Uchrashuv uch soatdan ortiq davom etganiga qaramay, tomonlar urushni to‘xtatish bo‘yicha katta burilish haqida rasman bayonot bermadi.

Nashr qayd etishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp avvalgi uchrashuvlarga nisbatan Ukraina pozitsiyasiga nisbatan ochiqroq va ijobiyroq munosabat namoyon etgan. U birinchi marta ochiq minbarda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni maqtab, tinchlikka erishish mumkinligini aytgan. Shu bilan birga, muzokaralar juda murakkab ekani va vaqt talab etishini ham ta’kidlagan.

CNNʼning birinchi asosiy xulosasiga ko‘ra, bu urush yo yaqin vaqtda tugaydi, yoki aksincha, noma’lum muddatga cho‘zilib ketish xavfi mavjud. Tramp aniq dedlaynlarni tilga olmagan bo‘lsa-da, maxsus vakili Stiv Uitkoff va maslahatchi Jared Kushner orqali olib borilayotgan faol muloqotlar hozirgi paytni eng maqbul fursat sifatida ko‘rsatmoqda.

Ikkinchi muhim jihat — Rossiya prezidenti Vladimir Putinning muzokaralarda jismonan ishtirok etmagani, ammo uning shaxsi doimiy ravishda muhokamalar markazida bo‘lgani. Tramp Zelenskiy bilan uchrashuvdan oldin Putin bilan telefon orqali gaplashgani va keyin ham muloqotni davom ettirish niyati borligini aytgan.

Uchinchi va eng murakkab masala sifatida CNN «so‘nggi 10 foiz»ni qayd etadi. Zelenskiyga ko‘ra, tinchlik rejasining 90 foizi kelishilgan, ammo qolgan qism — eng og‘ir va og‘riqli masalalarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida Zaporijjya atom elektr stansiyasining taqdiri va hududiy masalalar bor. Tramp esa ayrim holatlarda Ukrainaga hududiy yon berishni ham muhokama qilish mumkinligini istisno etmagan.

Teglar

Mavzuga oid