
Zelenskiy Trampdan Putinga bosim o‘tkazishni talab qildi
17.09.2025 | 13:0039033
U Putinning yagona tushunadigan «tili» bu — kuch ishlatish ekanini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Sky Newsga bergan eksklyuziv intervyusida AQSH prezidenti Donald Trampdan Vladimir Putinni to‘xtatish uchun qat’iy choralar ko‘rishni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaga nisbatan bosim yetarli darajada kuchaytirilmayotgani Rossiyaga urushni davom ettirish imkonini bermoqda.
Zelenskiy G‘arb davlatlari Kremlga nisbatan jiddiy sanksiyalar joriy etmayotganidan norozilik bildirdi. Uning fikricha, Putin Alyaskada o‘tgan AQSH—Rossiya sammiti orqali izolyatsiyadan chiqib oldi va hech qanday yuqotish ko‘rmadi.
«U AQSHni aldashni istayapti. Sanksiyalardan qochish va Trampdan bosim ko‘rmaslik uchun hamma narsa qilmoqda», — dedi Zelenskiy. U Putinning yagona tushunadigan «tili» bu — kuch ishlatish ekanini ta’kidladi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Putinga bosim o‘tkazishda sustkashlik qilmoqda, chunki u bu orqali urushni to‘xtatish yo‘lini topamiz deb o‘ylayapti. Biroq Ukraina rahbari bunday yondashuv noto‘g‘riligini aytdi. «Putin kuchnigina tushunadi. Bu uning ona tili kabi», — dedi u.
U shuningdek, AQSH Yevropa Ittifoqi davlatlariga bog‘liq bo‘lmasdan mustaqil ravishda Rossiyaga qarshi kuchli sanksiyalar joriy etishi mumkinligini qayd etdi. «AQSH yetarlicha qudratli. Ular buni tezroq amalga oshirishi mumkin. Hozir esa yetishmayotgan yagona narsa — kuchli sanksiyalar paketi», — dedi Zelenskiy.





