
Zelenskiy: «Ukraina hech qachon o‘z yerlarini bosqinchiga bermaydi»
09.08.2025 | 16:3032163
Ukraina prezidenti «hududlar almashinuvi» g‘oyasini rad etib, Moskva xohishi bilan tuzilgan bitimlar haqiqiy tinchlik olib kelmasligini aytdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Konstitutsiyada hududiy masala bo‘yicha aniq javob mavjudligini ta’kidlab, mamlakat o‘z yerlarini Rossiyaga bermasligini bildirdi. Uning so‘zlari AQSH prezidenti Donald Trampning «tinchlik shartnomasi doirasida ikki tomon manfaati uchun hududlar almashinuvi kerak», degan bayonotidan so‘ng aytilgani ehtimol qilinmoqda.
«Bu masaladan hech kim chekinmaydi va chekina olmaydi. Ukrainlar o‘z yerlarini bosqinchiga sovg‘a qilmaydi», — dedi Zelenskiy Telegram orqali yo‘llagan murojaatida. U, shuningdek, Ukraina Rossiyaga hamon davom etayotgan keng ko‘lamli urush uchun mukofot bermasligini qo‘shimcha qildi.
Zelenskiyning aytishicha, Kiyev haqiqiy tinchlikka olib keladigan qarorlarga tayyor, ammo Ukraina ishtirokisiz qabul qilingan kelishuvlar tinchlik emas, balki «o‘lik qarorlar»dir. «Bunday bitimlar hech qachon ish bermaydi. Bizga barcha hurmat qiladigan, haqiqiy va uzoq muddatli tinchlik kerak», — dedi u.
Ukraina rahbari mamlakat Tramp va barcha hamkorlar bilan birgalikda, Moskva xohishi tufayli yemirilmaydigan tinchlik uchun ishlashga tayyorligini ta’kidladi. Uning fikricha, faqat shunday yo‘l bilangina urushni adolatli tugatish mumkin.





