add

Zelenskiy Ukrainada prezidentlik saylovini o‘tkazish shartlarini sanadi

Bugun 08:381692 daqiqa

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Italiyadagi safarida Trampning «saylovlar o‘tishi kerak» degan talabiga javob berib, mamlakatda saylov o‘tkazishga doimo tayyor ekani haqida bayonot berdi.

Zelenskiy Ukrainada prezidentlik saylovini o‘tkazish shartlarini sanadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Italiyaga amaliy tashrifi chog‘ida La Repubblica nashriga bergan intervyusida Ukrainada saylovlar o‘tkazish masalasiga qayta to‘xtalib o‘tdi.

Uning aytishicha, agar siyosiy va xavfsizlik sharoiti imkon bersa, u doimo saylovga tayyor. Bu javob AQSH prezidenti Donald Trampning Ukrainada saylovlar o‘tkazish zarurligi haqidagi bayonotidan so‘ng berildi.

«Men doimo tayyorman», — dedi Zelenskiy. U, shuningdek, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan uchrashuvdan katta umid qilayotganini, Rim Ukraina uchun muhim diplomatik maydon ekanini ta’kidladi.

«Men hozir AQSHga yevropalik hamkorlarimiz bilan birga bizga saylovlarni xavfsiz o‘tkazishga yordam berishini so‘rayman. Shunda keyingi 60–90 kun ichida Ukraina prezidentlik saylovlari o‘tkazishga tayyor bo‘ladi», dedi Zelenskiy.

Zelenskiy Italiya poytaxtida Rim Papasi Leo XIV bilan ham uchrashib, tinchlik yo‘lidagi diplomatik sa’y-harakatlar haqida fikr almashdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada uzoq vaqtdan beri saylovlar o‘tkazilmayotgani bu mamlakat demokratiyaga sodiqligini shubha ostiga qo‘yadi. Uning fikricha, ukrainaliklar o‘z prezidentlarini tanlash huquqiga ega bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, Tramp saylovda Zelenskiy g‘alaba qozonishi mumkinligini ham inkor etmadi.

Moskva esa Zelenskiyning legitimligi borasida o‘zining tanqidiy pozitsiyasini takrorlamoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov avgust oyida Zelenskiyni faqat «rejim boshlig‘i sifatida» tan olishlarini ma’lum qilgan va har qanday yuridik kelishuvlar uchun imzolaydigan shaxsning legitimligi muhimligini urg‘ulagan.

Ukrainada harbiy holat davom etayotgani tufayli saylovlarni o‘tkazish yuridik va texnik jihatdan murakkab bo‘lib qolmoqda. Zelenskiyning navbatdagi bayonoti esa Kiyevning siyosiy ochiqligi va g‘arblik hamkorlari bilan muloqotda qolish niyatini yana bir bor ko‘rsatdi.

Teglar

Mavzuga oid