add

Zelenskiy: «Urushning tugash sanasi xavfsizlik kafolatlariga bog‘liq»

26.01.2026 | 07:552 daqiqa

Ukraina prezidenti urushni yakunlash uchun aniq sana qo‘yish faqat qat’iy xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lgan taqdirdagina mumkinligini bildirdi.

Zelenskiy: «Urushning tugash sanasi xavfsizlik kafolatlariga bog‘liq»© Foto: Mindaugas Kulbis / AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, urushning aniq yakunlanish sanasini belgilash to‘g‘ridan to‘g‘ri xavfsizlik kafolatlarining mazmuni va ishonchliligiga bog‘liq. U ta’kidlashicha, gap faqat Ukraina hududidagi urush haqida emas, balki butun Yevropa xavfsizligiga tahdid solayotgan keng qamrovli inqiroz haqida ketmoqda. Shu sababli har qanday tinchlik kelishuvi aniq, huquqiy jihatdan mustahkam va amaliy kafolatlarga tayanish lozim. Uning so‘zlarini «The Telegraph» nashri keltirmoqda.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun eng muhim yo‘nalish — AQSH bilan ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari hisoblanadi. Prezident ma’lum qilishicha, tegishli hujjat to‘liq tayyor holatga keltirilgan. Endi Kiyev Vashington tomonidan uni imzolash uchun aniq sana va joy belgilanishini kutmoqda.

«Hujjat 100 foiz tayyor, biz sheriklarimizdan uni imzolash sanasi va joyi borasida tayyorgarlikni kutmoqdamiz. Shundan so‘ng, kelishuvlarga ko‘ra hujjatu AQSH Kongressi va Ukraina parlamentida ratifikatsiya jarayonidan o‘tishi lozim», — dedi Zelenskiy.

Prezident bu hujjatni Ukraina xavfsizlik arxitekturasining asosiy ustunlaridan biri sifatida baholadi va uning huquqiy maqomi urushdan keyingi barqarorlik uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

 

Yevropa va iqtisodiy kafolatlar

Zelenskiy xavfsizlik kafolatlarining ikkinchi muhim elementi sifatida Yevropa tomonidan beriladigan majburiyatlarni ko‘rsatdi. Bu, avvalo, «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» doirasidagi kafolatlar hamda Ukraina kelajakda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq siyosiy va harbiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridir.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, Yevropa yo‘nalishi strategik nuqtai nazardan AQSH bilan hamkorlikni to‘ldiruvchi omil hisoblanadi.

Bundan tashqari, u iqtisodiy xavfsizlik kafolatlariga alohida urg‘u berdi. Zelenskiyga ko‘ra, barqaror iqtisodiy muhitsiz va uzoq muddatli sarmoya kafolatlarisiz tinchlik shartnomasi samarali ishlamaydi. Shu nuqtai nazardan, yevrointegratsiya jarayonining aniq muddatlarga bog‘lanishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Ukraina texnik jihatdan 2026 yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqi bilan barcha muzokara klasterlarini ochishga tayyor bo‘ladi, to‘liq tayyorlik esa 2027 yilga kelib ta’minlanadi.

 

Aniq sanaga intilish

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvda aniq sana belgilashdan manfaatdor. Bu barcha tomonlar, jumladan Rossiya uchun ham majburiyatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yadi. Ukraina prezidentining fikricha, aniq sana va kafolatlar mavjud bo‘lsa, kelishuvni keyinchalik cho‘zib yuborish yoki bloklash imkoniyatlari keskin kamayadi.

Teglar

Mavzuga oid