
Zelenskiy va Putin uchrashuvi bo‘yicha kelishuv Turkiyada muhokama qilindi
26.07.2025 | 23:403633
Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidanga ko‘ra, Rossiya va Ukraina rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘yicha dastlabki kelishuv Istanbuldagi muzokaralarda shakllangan. Uchrashuvning Turkiyada o‘tishi ehtimoli muhokama qilingan.

Fidanning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv bo‘yicha kelishuv 23 iyul kuni Istanbulda o‘tgan uchinchi muzokara davrasida muhokama qilingan. Uning ta’kidlashicha, muzokarachilar murosa topishga urinayotgani va hozirgi dinamika saqlansa, oraliq kelishuvga erishish mumkinligini bildirgan.
Rossiya-Ukraina urushi nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham og‘ir oqibatlarga olib kelayotganini aytgan Fidan, buni «insonparvarlik fojiasi» deb atadi. Urushning kengayishi va xalqaro munoqashalarni chuqurlashtirishi mumkinligiga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv haqida gap ketgan muzokara 40 daqiqa davom etgan va unda asosiy natijalarga erishilmagan. Yagona kelishuv — asirlarni almashish jarayonini davom ettirish bo‘lgan. Ukraina tomoni Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putinning avgust oyigacha shaxsiy uchrashuvini taklif qilgan, ammo Rossiya bunday sammitga faqat tinchlik kelishuvi loyihasi tayyorlangandan so‘nggina rozilik bildirgan.
Shu bilan birga, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham Istanbulda Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuvni tashkil qilish niyatida ekanini ma’lum qildi. U bu orqali Ukrainadagi urushni tugatishga hissa qo‘shishni maqsad qilganini aytdi.





