add

Zelenskiy va YeI Ukraina muzokaralarida o‘rtaga qo‘yadigan «qizil chiziqlar»ni ochiqladi

13.08.2025 | 18:4523194

Volodimir Zelenskiy va Yevropa ittifoqi yetakchilari Tramp–Putin uchrashuvi oldidan Ukraina manfaatlarini himoya qiladigan asosiy talablarini belgilashdi.

Zelenskiy va YeI Ukraina muzokaralarida o‘rtaga qo‘yadigan «qizil chiziqlar»ni ochiqladi
Politico nashrining yozishicha, 15 avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida o‘tadigan muzokaralar arafasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa ittifoqchilari bilan birgalikda Kiyev himoya qiladigan «qizil chiziqlar»ni belgiladi. Birinchi talab — o‘t ochishni uzoq muddatga to‘xtatish, bu shart bajarilmasdan hech qanday hududiy masala muhokama qilinmaydi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina o‘z konstitutsiyasi va xalqaro huquq bilan kafolatlangan chegaralaridan voz kechmaydi. Uning fikricha, agar Rossiya Donbasni egallasa, bu yangi hujumlar uchun platsdarmga aylanadi. Ikkinchi talab — urush tufayli yetkazilgan zarar uchun moddiy kompensatsiya, baholarga ko‘ra, 500 mlrd dollardan 1 trln dollargacha. Uchinchi talab — xavfsizlik kafolatlari sifatida NATO va Yevropa Ittifoqi a’zoligi, bu Rossiyaning qayta hujum qilish ehtimolini bartaraf etadigan yagona yo‘l sifatida ko‘rilmoqda. To‘rtinchi talab — Rossiyaga olib ketilgan ukrain bolalarini, fuqarolik asirlarini va harbiy mahbuslarni qaytarish. Zelenskiy va Yevropa rahbarlari bu talablar Putinni kelishuvdan keyin qayta guruhlanib, yana hujum qilish imkoniyatidan mahrum qilishini umid qilmoqda. Sky News manbalariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tinchlik kelishuvi imzolangan taqdirda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich yumshatish imkonini ko‘rib chiqmoqda. Rejaga ko‘ra, 15 kunlik otashkesim davrida sanksiyalar saqlanib qoladi, kelishuv buzilsa esa qayta joriy etiladi. Axios’ning yozishicha, Zelenskiy va YeI rahbarlari Tramp Putinning qattiq talablariga rozi bo‘lishidan xavotirda. Biroq manbalar Tramp hali ham Putinga nisbatan qattiq pozitsiyani saqlayotganini ta’kidlamoqda. AQSH moliya vaziri Skott Bessentning so‘zlariga ko‘ra, agar uchrashuv ijobiy natija bermasa, Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar yoki ikkilamchi tariflar joriy etishni istisno qilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid