
Zelenskiy Vashingtonda, kechqurun u Tramp bilan uchrashadi. Bu borada nimalarni bilish kerak?
18.08.2025 | 13:2016365
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Vashingtonga yetib keldi. Uchrashuv urushni qanday yakunlash masalalariga bag‘ishlanadi.

Zelenskiyga ushbu uchrashuvda Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar, Buyuk Britaniya va NATO alyansi yetakchilari hamrohlik qilmoqda. Ular yana Oq uyda dahanaki jang boshlanib ketishidan xavotirda. Chunki Zelenskiy avvalroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan matbuot anjumanida Tramp bilan uchrashuvdan yuqori natija kutayotganini bildirgan bo‘lsa-da, Alyaskada Putin qo‘ygan shartlarga rozi bo‘lmasligi va hech qachon ishg‘ol qilingan Ukraina yerlaridan voz kechmasligini ta’kidlagan.
Zelenskiy bilan yakkama-yakka uchrashuvdan so‘ng Tramp Ukrainaga yordam berish bo‘yicha Yevropaning «Qat’iyatlilar koalitsiyasi» a’zolari bilan ham uchrashuv o‘tkazadi.
 
Uchrashuv oldidan Tramp nima dedi?
Tramp Alyaskada Putin bilan sammitdan keyin bergan bayonotida endi Zelenskiy bilan uchrashishni va keyinchalik uch tomonlama uchrashuv tashkil qilishni rejalashtirayotganini aytgan.
«Ukraina prezidenti Zelenskiy agar istasa, Rossiya bilan urushni deyarli darhol to‘xtatishi mumkin yoki u jangni davom ettirishi ham mumkin. Hammasi qay tarzda boshlanganini eslab qoling. Obama tomonidan (12 yil oldin, birorta o‘qsiz!) topshirib yuborilgan Qrimni qaytarish fikridan voz kechish va UKRAINANING NATOGA QO‘SHILISHI YUZ BERMAYDI. Ba’zi narsalar hech qachon o‘zgarmaydi!!!» deb yozgan Tramp o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
 
Uchrashuv oldidan Zelenskiy nima dedi?
«Biz barchamiz bu urushni tez va ishonchli tarzda tugatishni birdek xohlaymiz. Tinchlik ham avvalgi yillarda bo‘lganidek — Ukraina Qrim va Sharqimizning bir qismini Donbassning bir qismini berib yuborishga majbur qilingani, Putin esa bundan yangi hujum uchun platsdarm sifatida foydalangani singari emas, uzoq muddatli bo‘lishi kerak. Yoki 1994 yilda Ukrainaga «xavfsizlik kafolatlari» berilgandek bo‘lmasligi kerak, bu ishlar natija bermaganini ko‘rib turibmiz ».
 
Uchrashuvda yana kimlar bo‘ladi?
Vashingtonga qator Yevropa yetakchilari — Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb, NATO bosh kotibi Mark Ryutte hamda Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen keladi. Tramp ularni qabul qilish — «Amerika uchun katta sharaf», deb yozdi.
 
Uchrashuv soati
Zelenskiy Tramp bilan Toshkent vaqti bilan 22:15 da uchrashadi. Oq uy rasmiy taqvimida bu uchrashuvga bir soat ajratilgan, shundan so‘ng soat 00:00 da Yevropa yetakchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi.





