
Zelenskiy yaqinda Tramp bilan uchrashishini e’lon qildi
Ukraina prezidenti Donald Tramp bilan oliy darajadagi muzokaralar yaqin kunlarda o‘tkazilishini bildirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqin vaqt ichida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur muloqot Ukraina atrofidagi siyosiy va xavfsizlik masalalarida muhim qarorlar qabul qilinishi mumkin bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov Amerika tomoni bilan olib borilgan navbatdagi aloqalar haqida axborot bergan.
Ukraina prezidenti ushbu jarayonni tezlashtirish zarurligini ta’kidlab, quyidagilarni yozgan:
«Bir kunimizni ham boy bermaymiz. Yaqin kunlarda prezident Tramp bilan oliy darajada uchrashishga kelishib oldik. Yangi yilgacha ko‘p narsa hal bo‘lishi mumkin».
Shu bilan birga, Oq uy hozircha Donald Trampning Ukraina yetakchisi bilan uchrashuvi bo‘yicha rasmiy tasdiq bermadi. Bu esa muzokaralar formati va aniq sanasi bo‘yicha aniqlik yo‘qligini ko‘rsatmoqda.
Yaqinda Rustem Umerov Florida shtatidan joy olgan Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashgan. Ushbu muloqotlarda AQSH tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik rejasining asosiy jihatlari muhokama qilingani xabar qilingan.
24-dekabr kuni Zelenskiy AQSH, Yevropa va Rossiya bilan o‘tkazilgan so‘nggi muzokaralar natijasida shakllangan rejaning hozirgi variantini ochiqladi. Uning aytishicha, hujjat 20 banddan iborat bo‘lib, Donbass ustidan nazorat va Zaporoje atom elektr stansiyasini boshqarish masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Volodimir Zelenskiy 2025 yil davomida Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida AQSHga uch marta tashrif buyurgan. Oxirgi safar uchrashuv 17-oktabrda bo‘lib o‘tgan edi.





