
Zelenskiy:«AQSH Ukraina va Rossiyani iyun oyiga qadar urushni tugatishga majburlamoqda»
Tramp ma’muriyati Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni qisqa muddatda to‘xtatish maqsadida ilk bor Kiyev va Moskva muzokara guruhlarini AQSHda uchrashtirishni taklif qildi.

Qo‘shma Shtatlar Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi qariyb to‘rt yillik urushni iyun oyiga qadar yakunlashni istamoqda va tomonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi. Uning aytishicha, AQSH ilk bor Ukraina va Rossiya muzokara guruhlarini o‘z hududida uchrashtirish tashabbusini ilgari surgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilayotgan uchrashuv kelasi hafta o‘tkazilishi mumkin bo‘lib, ehtimoliy manzil sifatida Mayami shahri tilga olinmoqda. AQSH rasmiylari jarayonni tezlashtirish va barcha kelishuvlarni yoz boshiga qadar shakllantirish istagida ekanini bildirgan. Vashington so‘nggi oylarda Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachilik qilishga urinib, hatto Abu-Dabida alohida muzokaralarga ham ko‘maklashgan.
Shu bilan birga, asosiy kelishmovchilik hali ham hudud masalasi bo‘lib qolmoqda. Rossiya Ukraina hududining taxminan 20 foizini, jumladan Donetsk viloyatining katta qismini nazorat qilib turibdi va ushbu hudud ustidan to‘liq suverenitetni talab qilmoqda. Ukraina esa bu talablarni qabul qilib bo‘lmasligini, bunday kelishuv kelajakda yangi bosqin xavfini kuchaytirishini ta’kidlamoqda.
Zelenskiy Vashington va Moskva Kiyev ishtirokisiz qarorlar qabul qilishini qat’iy rad etishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina suverenitetiga daxldor har qanday masala faqat mamlakat roziligi bilan hal etilishi mumkin. Shuningdek, tomonlar Zaporoje atom elektr stansiyasi masalasida ham umumiy fikrga kela olmagan. Ushbu obyekt 2022 yildan beri Rossiya nazorati ostida qolmoqda.
Ukraina rahbari AQSHning sa’y-harakatlarini ijobiy baholar ekan, biroq Kiyevdan Moskvaga nisbatan ko‘proq yon berish talab qilinishi adolatsiz ekanini yana bir bor urg‘uladi.





