
Zelenskiyning imijiga zarba: korrupsiya ishi uning yaqinlarini qamrab olmoqda — NYT
Ukraina aholisi uchun eng alam qiladigani — millionlab odamlar Rossiya hujumlari oqibatida kundalik elektr o‘chirilishlar bilan qiynalib yashar ekan, ana shu energetika kompaniyasida o‘g‘rilik sodir bo‘lganidir.

Ukraina prezidenti atrofidagi 100 mln dollarlik korrupsiya tergovi Zelenskiyning atrofidagi yangi yaqin doirani silkitmoqda va urush davri qahramoni sifatidagi nufuzini shubha ostiga qo‘ya boshladi, deb yozmoqda The New York Times nashri.
2019 yilda korrupsiyaga qarshi kurash va’dalari bilan hokimiyatga kelgan Volodimir Zelenskiy bugun ana shu mavzuda o‘zining eng og‘riqli sinoviga duch kelmoqda. Mamlakatning davlat yadroviy energetika kompaniyasida 100 mln dollar yirik mablag‘ o‘g‘irlangani va uning yaqin ishbilarmon sherigi Timur Mindich bu ishda bosh rolni o‘ynagani fosh etildi.
Zelenskiy bilan birga tashkil etilgan yumoristik studiya hammuassisi hisoblanmish Mindich hibsga olish qarori chiqishidan avval mamlakatdan qochgan. Tergov davomida ikki vazir iste’foga chiqdi, Bosh vazir esa Mindichga nisbatan sanksiyalar joriy qilishni taklif qildi.
Zelenskiy ushbu tergovni qo‘llab-quvvatlashini aytgan bo‘lsa-da, u tergov organlari mustaqilligiga shubha uyg‘otadigan harakatlar qilgani ham ma’lum. Xususan, yozda u korrupsiyaga qarshi idora faoliyatini cheklashga urinib, birinchi marta urush paytidagi ommaviy norozilik namoyishlariga sababchi bo‘ldi.
Aholi uchun esa eng alam qiladigani — millionlab odamlar Rossiya hujumlari oqibatida kundalik elektr o‘chirilishlar bilan qiynalib yashar ekan, ana shu energetika kompaniyasida o‘g‘rilik sodir bo‘lganidir.
Ukraina milliy korrupsiyaga qarshi byurosi hafta davomida har kun yangi dalillar, audioyozuvlar va videomateriallar bilan ishni oshkor etmoqda. Hozircha Zelenskiy bevosita tergovga tortilayotgani yo‘q, lekin jamoatchilik unga ishonch bilan qarashda davom etishini kafolatlaydigan vaziyat qolmagan.





