Ziddiyat kuchaymoqda: AQSH Eronga va neft tankeriga zarba berdi, Tehron esa Quvayt va Iordaniyaga hujum qildi
So‘nggi hujumlar to‘lqini boshlanganidan buyon ilk bor Tehronga yaqin hududlarga ham zarba berildi.

AQSH harbiylari Eronga zarba berishni davom ettirmoqda. So‘nggi to‘qnashuvlar davomida ilk bor mamlakatning shimoliy qismidagi nishonlar, xususan, poytaxt Tehronga yaqin hududlar ham o‘qqa tutildi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) payshanba tongida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Eronning imkoniyatlarini yanada zaiflashtirish maqsadida bir nechta harbiy inshoot va vositalarga zarba berganini e’lon qildi. Shuningdek, qo‘mondonlik mazkur yo‘lakda bitta neft tankerini ishdan chiqarganini ham ma’lum qildi.
CENTCOM o‘tgan chorshanba kuni Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqin joylashgan Eronning port shaharlariga zarba berganidan so‘ng boshlangan so‘nggi hujumlar to‘lqini oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi va 300 dan ortiq odam jarohatlandi. AQSH ushbu hujumlar Eronning bo‘g‘ozdagi uchta savdo kemasiga bergan zarbasiga javob ekanini aytmoqda.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) esa qo‘shni Fors ko‘rfazi davlatlaridagi AQSH harbiy obyektlarini nishonga olganini ma’lum qildi.
AQSH qayerlarga zarba berdi?
CENTCOM payshanba tongida e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, AQSH havo zarbalari Eronning qo‘mondonlik markazlari, havo hujumidan mudofaa inshootlari, raketa va dron bazalari hamda qirg‘oq nazorati tizimlariga qaratilgan.
Qo‘mondonlik xabariga ko‘ra, payshanba kuni bir qancha hududlar, xususan, Bandar-Abbos ham o‘qqa tutilgan.
Shuningdek, CENTCOM chorshanba tunida 90 daqiqa davom etgan bombardimon chog‘ida Katta Tunb orolidagi qirg‘oq mudofaa tizimlari va qanotli raketalar joylashgan hududlarga zarba berilganini qo‘shimcha qildi. Strategik ahamiyatga ega ushbu kichik orol Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan. Garchi rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, u yerda harbiy-dengiz bazasi mavjud deb taxmin qilinadi. Qolaversa, mazkur orol Eron harbiylari kemalar qatnoviga to‘sqinlik qilishda foydalanadigan asosiy nuqtalardan biri ekani aytiladi.
Ayni paytda, Eron ommaviy axborot vositalari Bandar-Abbos, Keshm oroli, Sirik, Chobahor, Konarak, Rask, Xondab, Xurramobod va Simnon hududlariga hujumlar uyushtirilganini xabar qildi.
Xabarlarga ko‘ra, Ahvoz shahridagi kasalxonaga zarba berilgach, u yerdan 211 nafar bemorni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.
Payshanba kuni Tehron va unga qo‘shni Pokdasht hamda Parchin shaharlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushirilgan. Eron harbiylari esa Andimeshk shahri osmonida AQSHning MQ-9 droni urib tushirilganini ma’lum qildi.
CENTCOM payshanba kungi alohida bayonotida seshanba kuni qayta joriy qilingan dengiz qamalini kuchga kiritish maqsadida, Eronning Xark oroli tomon suzib ketayotgan va «talablarga bo‘ysunmagan» neft tankerini «Hellfire» raketalari yordamida ishdan chiqarganini tasdiqladi.
Eron qanday javob qaytardi?
Eron armiyasi payshanba kuni AQSHning Quvayt va Bahrayndagi harbiy obyektlariga javob zarbalarini berganini ma’lum qildi.
· Quvayt: Eron armiyasining bayonotiga ko‘ra, Quvaytdagi «Ali as-Salim» aviabazasida joylashgan AQSH kuchlariga tegishli radar tizimlari, «Patriot» havo hujumidan mudofaa majmuasi va yoqilg‘i omborlari nishonga olingan. Bundan avvalgi xabarlarda esa Quvaytdagi radarlar va amerikalik harbiylar to‘planadigan nuqtaga, shuningdek, Iordaniyaning «Al-Azraq» aviabazasidagi AQSH aloqa tizimlari va yoqilg‘i zaxiralariga zarba berilgani aytilgan edi.
· Bahrayn: Armiya vakillarining qo‘shimcha qilishicha, uchuvchisiz qurilmalar Bahrayndagi «Shayx Iso» aviabazasida joylashgan AQSHning «Super Hawk» radarlari va «Patriot» mudofaa tizimlarini ham nishonga olgan.
· Iordaniya: Ayni paytda, Iordaniya payshanba kuni Eronga tegishli sakkizta raketani urib tushirganini ma’lum qildi.
· Iroq: Iroq rasmiylarining xabar berishicha, Erbil shahriga beshta dron orqali hujum uyushtirilgan. Ulardan ikkitasi AQSH bazasi yaqiniga qulagan bo‘lsa, yana biri Amerika konsulligi yaqinida urib tushirilgan. Eron armiyasi bu hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Tomonlar qanday munosabat bildirmoqda?
Eron parlamenti spikeri va bosh muzokarachisi Muhammad G‘olibof chorshanba kuni AQSH oraliq bitim shartlarini bajarmasa, Eron yanada keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, u Eron «omon qolishi» uchun kurash olib borayotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Islom inqilobi muhofizlari korpusi AQSHning seshanba kuni qayta joriy qilgan dengiz qamaliga javoban Yaqin Sharqdan barcha energiya eksportini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.
«Mintaqadan neft va gaz eksporti yo hamma uchun ochiq bo‘ladi, yoki hech kim uchun bo‘lmaydi», — deyiladi bayonotda.
Chorshanba kuni Pensilvaniyadagi AQSH Armiyasi harbiy kollejida nutq so‘zlagan prezident Donald Tramp Eron parda ortida tinchlik bitimini imzolashga intilayotgani haqidagi da’volarini yana bir bor takrorladi. Biroq u buning tafsilotlarini ochiqlamadi.
«Ularga biz qilayotgan ishlar yoqmayapti va ular kelishuvga erishishni xohlamoqda. Biz ular bilan bitim tuzamizmi yoki bu ishni oxirigacha yetkazib qo‘yamizmi — yaqin orada bilib olamiz», — dedi u.
Shu bilan birga, Tramp chorshanba kuni o‘zining «Truth Social» platformasidagi sahifasi orqali Eronga kamdan-kam kuzatiladigan minnatdorlik xabarini yo‘lladi. Bunga 2024 yildan buyon Eronda «noqonuniy ravishda» hibsda ushlab turilgani aytilgan Amerika fuqarosi Dena Karirining ozod etilishi sabab bo‘ldi.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens esa Jo Roganga bergan intervyusida Eronga qarshi urushni yoqlab chiqdi. Ammo u mojaroni tugatish uchun ikki tomon o‘rtasida kelishuv zarurligini ham qo‘shimcha qildi.





