
Ziroat Mirziyoyeva: «Ikki milliard bola kasallik xavfi ostida»
25.09.2025 | 14:3021214
BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi doirasida bolalar salomatligiga bag‘ishlangan tadbirda Ziroat Mirziyoyeva dunyoda ikki milliarddan ziyod bola yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida turganini ta’kidladi.

Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida «Saraton va hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish» mavzusida tadbir o‘tkazildi. Unda «Zamin» fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, bolalar salomatligiga oid muhim murojaat qildi.
«Hozirgi vaqtda dunyo bo‘ylab ikki milliarddan ziyod bolalar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida yoki ulardan aziyat chekmoqda. Bu — sayyoramiz aholisining qariyb uchdan bir qismi demakdir. Millionlab bolalar saratonga qarshi kurashmoqda. Zamonaviy tibbiyot yutuqlariga qaramay, yashovchanlik darajasi turli mintaqalarda keskin farq qiladi: rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 80 foizdan yuqori bo‘lsa, rivojlanayotganlarda 30 foizdan ham past. Bunday tafovut mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat. Bunday fojialarning oldini olish uchun chora ko‘rishimiz zarur», — dedi Ziroat Mirziyoyeva
Tadbirda Turkiya, Ozarboyjon, Angola, Vetnam, Gvatemala kabi ko‘plab davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda kasallikka chalingan bolalar ishtirok etdi. Ular global tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, 2030 yilga qadar bolalarda saraton kasalliklari bo‘yicha yashovchanlik darajasini 60 foizga yetkazish niyatini bildirdi.
Shuningdek, ishtirokchilar o‘roqsimon hujayrali anemiyaga qarshi kurashish va mahalliy resurslarga tayanadigan adolatli sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu yo‘nalishda mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Ziroat Mirziyoyeva BMT doirasida JSST bosh direktori doktor Tedros Gebreyesus bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda bolalar saratonini erta aniqlash va zamonaviy davolash usullarini joriy etish, mutaxassislarni tayyorlash va bolalar hamda ularning oilalari uchun reabilitatsiya imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. JSST rahbari O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi tashabbuslariga yuksak baho berdi.





