add

Zoomʼdagi majlis vaqtida ishqiy munosabat bilan shug‘ullangan amaldor va kotiba ishdan olindi

25.07.2025 | 13:0015205

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat xizmatchilari bo‘lgan erkak va ayolning xizmat xonasida quchoqlashib o‘tirgani aks etgan surat tarqaldi. Vaqt.uzʼga ma’lum bo‘lishicha, bular Kattaqo‘rg‘on shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Abdurahmon Alimov hamda shu bo‘limda kotiba vazifasida ishlovchi ayol. Ularning har ikkisi kechaning o‘zida ishdan olingan.

Zoomʼdagi majlis vaqtida ishqiy munosabat bilan shug‘ullangan amaldor va kotiba ishdan olindi
Kecha, 24 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda davlat xizmatchilarining xizmat xonasida quchoqlashib o‘tirgani aks etgan surat tarqaldi. Kattaqo‘rg‘on shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi vakillarining bu harakati Zoom platformasi orqali o‘tkazilayotgan yig‘ilishida kameralarga tushib qolgan. Vaqt.uz manbasiga ko‘ra, tarmoqlarda surati tarqalgan xodimlar Kattaqo‘rg‘on shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Abdurahmon Alimov hamda bandlik bo‘limida kotiba vazifasida ishlovchi ayol bo‘lgan. Nashr muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova bilan bog‘landi. Alimova «qo‘lga tushganlar»ning hokimlik vakili ekanini tasdiqlarkan, voqea shu yilning 16 iyul kuni respublikada bandlik masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan selektor vaqtida sodir bo‘lganini bildirdi.
«Abdurahmon — hokimlikda bo‘lim boshlig‘i edi. U o‘zini doim namunali xodim sifatida ko‘rsatgan. Ochig‘i, undan bunday harakatni kutmagandim. Chunki, har hafta xodimlar bilan o‘tkazadigan yig‘ilishimda oxirgi masalam doim korrupsiya va odob-ahloq bo‘lgan. Hokimlikda odob-ahloq masalasiga juda qattiq turaman. «O‘lasan hammang, buzilma, oilangga, bola-chaqangga o‘yla», deyman xodimlarga. Mendan juda qo‘rqishadi.
Voqeani batafsil surishtirdim. Kotiba yaqinda bandlik bo‘limiga yarim shtat birligi bilan ishga kelgandi. Afsuski, bu ikkisining boshlangan munosabati haqida hech kim bilmay qolgan. Bu holatni hokimlikda barchamizni uyatga qo‘ydi. Kecha sog‘lig‘im ham yomonlashib qoldi. Shuningdek, kechaning o‘zida har ikkisini ishdan oldim. Hozir hokimlikning katta-kichik barcha ishchilaridan odob-ahloq masalasida kafolat xati oldiryapman. Men ularga o‘zimni misol keltiraman. Men xalq, davlat xizmati uchun juda ko‘p narsadan voz kechgan ayolman. Kishi rahbarlikka qo‘yilarkan, xalq, prezident ishonchi uchun, qolaversa, shu xalq hisobidan qaynab turgan qora qozoni uchun ko‘p narsadan kechadi. U boshqalarga har tomonlama namuna ko‘rsatishi kerak», — dedi Gavhar Alimova. Holat yuzasidan bugun shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri matbuot kotibi Gulnoza Alimova ham rasmiy munosabat bildirdi. O‘z munosabatida Alimova ham hokimlik vakillarining ishdan olinganini bildirgan.
«Vazirlik o‘z tizimida xizmat intizomi va odob-axloq qoidalari buzilishiga nisbatan mutlaqo murosasizlik prinsipiga amal qiladi», deyiladi munosabatda.

Ilyos Safarov tayyorladi

Teglar

Mavzuga oid