
Zoyir Mirzayev: «Sea Breeze — barchani mamnun qiladigan loyiha»
25.08.2025 | 14:3033553
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Chorvoqdagi Sea Breeze loyihasi shaxsan uning nazoratida bo‘lishini va tabiatni asrab, turizmni rivojlantirishini ta’kidladi.

Chorvoq suv ombori sohilida amalga oshirilayotgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasi jamoatchilikda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Biroq Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning ta’kidlashicha, ushbu muhokamalar mutaxassislarning mas’uliyatini yanada oshirgan.
«Avvaliga menda ham xavotir bor edi, ammo iflos suvlarni omborga oqizmasdan qayta ishlash va takroran foydalanishga kafolat berilganidan keyin bu tashvishim ancha kamaydi. Hokim sifatida mening asosiy maqsadim — turistlar sonini ko‘paytirish va turizmdan daromadni oshirishdir. Turizm esa tabiat asrab qolingan joylarda rivojlanadi», — dedi Mirzayev.Hokimning fikricha, ekologlar va aholining tanqidiy munosabati loyiha uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, arxitektorlar, dizaynerlar, ekologlar va turli mutaxassislar, shuningdek, sof havoga befarq bo‘lmagan fuqarolar ishtirokida loyiha yuksak darajada amalga oshiriladi.
«Bu chiroyli loyiha bo‘ladi va barchaga yoqadi. Shubhasiz, uning ijrosi shaxsan mening nazoratimda bo‘ladi. Bu mening to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifam», — dedi u.Eslatib o‘tamiz, hukumat 1 avgust kuni Chorvoqda kurort qurish choralarini tasdiqlagan. 577 gektar yer 25 yilga arzonlashtirilgan ijaraga berilgan bo‘lib, investor Agalarov Development va Ulug‘bek Maxmudovning ishtirokidagi Sea Breeze Uzbekistan MCHJ hisoblanadi. Loyihaga britan kompaniyasi Scott Brownrigg jalb etilgan. Investitsiyalar to‘liq xususiy mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi. MIIT ma’lumoticha, investor yer uchun 240 million dollar to‘laydi. Kurort Chorvoqni yil davomida turizm va dam olish markaziga aylantirishi kutilmoqda.





