Zumerlar va milleniallarning uchdan biri sovg‘a sifatida kriptovalyuta olishni istaydi – so‘rovnoma

Bugun 11:203 daqiqa

AQSHning «Pollfish» kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnomada «Z avlod» vakillarining 31 foizi va milleniallarning 34 foizi sovg‘a sifatida kriptovalyuta olishdan xursand bo‘lishini bildirgan.

Zumerlar va milleniallarning uchdan biri sovg‘a sifatida kriptovalyuta olishni istaydi – so‘rovnoma

AQSHdagi «Pollfish» kompaniyasi bumerlar, milleniallar va zumerlardan kriptovalyuta bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazgan. So‘rov natijalaridan oldin bu uch avlod vakillarini farqlab olsak:

Bumerlar Ikkinchi jahon urushidan keyingi demografik «bebi-bum» davrida (taxminan 1946-1964 yillarda) tug‘ilgan avlod bo‘lib, an’anaviy ish modeli va barqaror daromadni qadrlaydi. Ular yangi texnologiyalarga nisbatan ehtiyotkorroq bo‘ladi, ammo keyingi yillarda raqamli xizmatlarni ham o‘zlashtirmoqda.

Milleniallar taxminan 1981-1996 yillarda tug‘ilgan avlod bo‘lib, ular internet rivojlanishi davrida o‘sgan, raqamli transformatsiyani yoshlikda qabul qilgan. Ular karera va shaxsiy hayot muvozanatiga e’tiborli, startaplar va yangi texnologiyalarga qiziquvchan bo‘ladi, onlayn to‘lovlar, elektron tijorat va mobil ilovalarni faol qo‘llaydi.

Zumerlar («Z avlod») taxminan 1997-2012 da tug‘ilgan avlod bo‘lib, ular internet va smartfonlar davrida o‘sgan ilk to‘liq raqamli avlod hisoblanadi. Bu avlod ijtimoiy tarmoqlar, qisqa video kontent, onlayn ta’lim va frilans madaniyatiga moslashgan. Ular moliyaviy texnologiyalar (masalan, kriptovalyuta) va raqamli xizmatlarga ochiq.

Zumerlar nima tanlaydi?

Zumerlarning 13 foizi kamida bir marta uchrashuv paytida kriptovalyuta bilan to‘lov qilganini aytgan.

Kriptovalyutani to‘lov vositasi sifatida qo‘llamaslik sabablari yoshga qarab farq qiladi. Zumerlar uchun asosiy muammo – tovar va xizmatlar uchun kriptovalyuta bilan to‘lash imkoniyatining o‘zi yo‘qligi (37%). Bumerlar avlodi vakillari uchun esa bunday to‘lov usuli haqida o‘ylashning o‘zi noqulaylik tug‘dirishi (65%) asosiy to‘siq hisoblanadi.

So‘rovda qatnashganlarning 29,5 foizi allaqachon kriptoaktivlarga egalik qilgani yoki avval ularga investitsiya kiritganini ma’lum qilgan.

So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi (erkaklarning 55 foizi va ayollarning 49 foizi) kriptovalyuta va raqamli hamyonlar haqida bilimga ega bo‘lish insonni juft sifatida jozibaliroq qiladi, deb hisoblaydi. 17 foiz ishtirokchi esa raqamli aktivlarga egalik qilish jozibadorlikni sezilarli darajada oshiradi, deb o‘ylaydi.

Bu fikrni milleniallarning 30 foizi, zumerlarning esa 28 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

Kriptovalyutaga qiziqish

Raqamli aktivlarga eng katta qiziqish, tabiiyki, yoshlar orasida kuzatilgan.

Milleniallarning 66 foizi va zumerlarning 65 foizi kriptovalyutalar haqida bilim foydali, deb hisoblaydi. Qiyos uchun, bumerlar orasida bu ko‘rsatkich atigi 37 foizni tashkil etgan. Erkaklarning 50 foizi va ayollarning 35 foizi kriptovalyutaga qiziqish yoki «hamyonlar mosligi»ga qarab juft tanlaydigan tanishuv ilovasini sinab ko‘rishga qarshi emasligini bildirgan.

Eng yuqori qiziqish yosh erkaklar orasida qayd etilgan: zumer yigitlarning 65 foizi va millenial erkaklarning 64 foizi bunday ilovalarga qiziqish bildirgan. Shuningdek, zumer qizlarning 53 foizi va millenial ayollarning 48 foizi ham bunday g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan.

Shu bilan birga, «National Cryptocurrency Association» (NCA) va to‘lov kompaniyasi «PayPal» o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, har oltinchi amerikalik Rojdestvo bayramida an’anaviy pulli sovg‘a kartalari o‘rniga kriptovalyuta olishni istashini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid