Logo

2026-yil oxirigacha «Uzbekistan Airways»ning 15-20 foiz aksiyasi IPO orqali sotiladi

Бугун 15:104 дақиқа

Milliy aviakompaniya uchun ishlab chiqilgan 115 ta transformatsiya chorasi to‘liq amalga oshirilsa, «Uzbekistan Airways»ning yillik operatsion daromadlari 120 million dollargacha oshishi mumkin.

2026-yil oxirigacha «Uzbekistan Airways»ning 15-20 foiz aksiyasi IPO orqali sotiladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish va IPO'ga tayyorlash ishlarini jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

O‘tgan oyda Milliy investitsiya jamg‘armasi ilk bor xalqaro bozorda 690 million dollarlik aktivlarni joylashtirdi. Bu orqali O‘zbekiston global kapital bozori qoidalari asosida ishlashga tayyor ekani haqida muhim signal berildi. Joylashtirish jarayonida talab taklifdan 4 barobar yuqori bo‘lib, yirik investorlar tomonidan qariyb 3 milliard dollarlik buyurtmalar berildi.

Endi jamg‘arma portfelidagi 13 ta yirik kompaniyada transformatsiya jarayonlarini tezlashtirib, ularni IPO'ga tayyorlash vazifasi turibdi. Jumladan, «Uzbekistan Airways», «SQB», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «O‘zbektelekom» bo‘yicha ishlarni shu yilning o‘zida yakunlanishi maqsad qilingan.

Taqdimotda «Uzbekistan Airways» AJ misolida mazkur jarayonlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

«Franklin Templeton” vakillari tomonidan milliy aviakompaniyaning faoliyati diagnostikadan o‘tkazilib, 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur to‘liq amalga oshirilsa, kompaniyaning operatsion daromadlarini bir yilda 120 million dollarga oshirish imkoni borligi hisob-kitob qilingan.

Jumladan, marshrutlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvlarni oshirish va mijozlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, parvozlar orasidagi vaqtni qisqartirish, reyslarni bekor qilish holatlari va kechikishlarni kamaytirish, keytering va texnik xizmat ko‘rsatish kabi tizim korxonalari samaradorligini oshirish, bozordagi vaziyatga tezkor moslashish va malakali mutaxassislarni jalb qilish hisobidan qo‘shimcha daromad olish mumkinligi qayd etildi.

Bu choralar natijasida aviakompaniyaning bozor qiymatini 1,6 milliard dollardan 2,3 milliard dollargacha oshirish imkoni mavjud. Shu bilan birga, dastur ishlab chiqilganiga bir necha oy bo‘lganiga qaramay, uni amalga oshirish ishlari sust borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yil yakunigacha milliy aviakompaniyaning 15-20 foiz aksiyasini xalqaro IPO orqali sotish maqsad qilingan. Buning uchun kompaniya faoliyatini xolis baholash, uning investitsion jozibadorligini oshirish, maxsus havo kemalarini kompaniya balansidan chiqarish, davlat buyurtmasi asosida bajarilgan xizmatlarni qoplash mexanizmini joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishi belgilandi.

Taqdimotda turizm sohasidagi yuqori o‘sish sur’atlari aviakompaniya oldiga yangi talablar qo‘yayotgani ham qayd etildi. Yil boshidan mamlakatimizga kelgan turistlar soni 27,5 foizga oshib, qariyb 5,5 million nafarga yetdi. Ayniqsa, Xitoy, Malayziya, Yaponiya va AQSHdan kelayotgan sayyohlar soni sezilarli ko‘paygan.

Ayni paytda milliy aviakompaniya bu o‘sishga yetarlicha tez moslasha olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Samolyotlar parkini kengaytirish ishlarida kechikishlar mavjud.

Shu bois, aviakompaniyada xaridlar tizimini alohida tartib asosida tashkil etish, samolyotlar parkini kengaytirish bo‘yicha qarorlarni tezkor qabul qilish va bu jarayonlarda xalqaro amaliyotni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik aviaxabiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Buning uchun «Uzbekistan Airways», «Uzbekistan Airports» va «Yangi Toshkent» aeroporti o‘rtasidagi hamkorlikni yagona tizim asosida muvofiqlashtirish, infratuzilma, yo‘nalishlar va tranzit tarmog‘ini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga Milliy investitsiya jamg‘armasi portfelidagi korxonalar transformatsiyasini tizimli tashkil etish uchun alohida loyiha ofisini ishga tushirish, kompaniyalar boshqaruv organlariga xalqaro moliya bozorlari talablarini yaxshi biladigan, amaliy tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish, har bir korxona bo‘yicha IPO'ga tayyorgarlikning aniq grafigini ishlab chiqish va ijrosini qat’iy nazorat qilish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 25-fevralda qabul qilingan PQ–74-sonli qarorga muvofiq, 2026 yil yakuniga qadar «O‘zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif orqali sotilishi ma’lum qilingan edi. 29-aprel kuni esa O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 30 foiz ulushi uchun IPO boshlanganini e’lon qildi. Aksiyalarning ilk marta ommaviy chiqarilishi London Stock Exchang va Toshkentda ikki tomonlama, «dual listing» ko‘rinishida o‘tkazildi.

IPO doirasida oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlar (GDR) taklif etildi. Taklif qilingan barcha qimmatli qog‘ozlar jamg‘armaning yagona aksiyadori hisoblangan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga chiqarildi. Jami 1,56 trln dona aksiya taklif qilindi, bu jamg‘arma aksiyadorlik kapitalidagi 31 foiz ulushga to‘g‘ri keladi. Bitta global depozitar tilxat 64 700 ta aksiyaga teng qilib belgilandi. Toshkent fond birjasida qariyb 47,9 mlrd dona aksiya sotildi.

Jismoniy shaxslar uchun aksiya narxi 4,65 so‘m qilib belgilangan bo‘lib, 12 mlrd so‘mgacha buyurtma bergan investorlarga 5 foizlik chegirma qo‘llanildi. Natijada ular aksiyalarni 4,41 so‘mdan xarid qildi.

London Stock Exchang birjasida esa 1,5 trln donaga yaqin aksiya 23,4 mln dona global depozitar tilxat — GDR shaklida joylashtirildi. Har bir GDR narxi 25 dollar qilib belgilandi. Jalb qilingan mablag‘larning umumiy summasi qariyb 603,6 mln dollarni tashkil etdi. Barcha qimmatli qog‘ozlarni amaldagi aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi sotgani sababli, kompaniyaning o‘zi IPO mablag‘larini olmaydi.

Shuningdek, kelgusi 30 kun ichida qo‘shimcha joylashtirish opsioni doirasida yana 3,5 mln donagacha GDR sotilishi mumkin. Agar ushbu mexanizm to‘liq ishga tushirilsa, IPO doirasida sotilgan ulush 35 foizgacha, jalb qilingan mablag‘ hajmi esa 692 mln dollargacha yetadi. Birlamchi joylashtirish narxidan kelib chiqib, Milliy investitsiya jamg‘armasining bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarga baholandi.

Теглар

Мавзуга оид