Ming dollarlik kadrlar va temir qoidalar: Aviaspotting orqali qanday daromad topish mumkin?
Samolyotlarni suratga olish shunchaki xobbi emas, balki yaxshigina daromad manbai va ulkan ochiq ma’lumotlar bazasi (OSINT) hisoblanadi. Xo‘sh, spotterlar o‘zi kim, xalqaro platformalarda kadrlar qanday pullanadi va nima uchun aeroport atrofida obyektiv ko‘tarib yurish yuqori huquqiy savodxonlikni talab qiladi?
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaSo‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida aviatsiya sohasi va uning infratuzilmasiga bo‘lgan e’tibor jadal ortib bormoqda. Bunga parallel ravishda aviaspotting madaniyati ham ixtisoslashgan vizual san’at va axborot yig‘ishning o‘ziga xos tarmog‘i sifatida shakllanib ulgurdi.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Aslida, aviaspotting (inglizcha aviation – aviatsiya va spot – aniqlamoq, kuzatmoq) – havo kemalarini kuzatish, ularning harakatini qayd etish hamda vizual tarzda muhrlash faoliyatidir. Bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanuvchi ixlosmandlar «spotterlar» deb ataladi.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Biroq ular shunchaki osmonga qarab suratga oluvchi havaskorlar emas. Ular bort raqamlari, modifikatsiyalar va samolyotlar tarixini arxivlab boruvchi, aviatsiya texnikasi, parvozlar xavfsizligi qoidalari hamda meteorologiyadan yetarlicha xabardor bo‘lgan norasmiy tahlilchilardir.
Galereyadan – global ma’lumotlar bazasigacha
Spotterlar obyektivida muhrlangan kadrlar shaxsiy arxivlarda shunchaki chang bosib yotmaydi, balki tezkorlik bilan global ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilinadi. Bu platformalar quruq galereya emas, aviatsiya sanoati uchun ulkan ochiq arxiv (OSINT) vazifasini ham o‘taydi. Masalan, dunyodagi eng yirik JetPhotos yoki Flightradar24 tizimlariga yuklangan suratlar parvozdagi samolyotning tom ma’nodagi «vizual pasporti»ga aylanadi. Planespotters.net kabi bazalar havo kemalarining to‘liq tarjimai holini – zavod raqamidan tortib lizing tarixigacha jamlasa, FlightAware va RadarBox platformalari parvozlar rejalari va aeroportlardagi tirbandliklarni real vaqtda tahlil qilish imkonini beradi.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
To‘g‘ri yondashilsa, ushbu mashg‘ulot bir necha yo‘nalishda yaxshigina moliyaviy manfaat keltirishi mumkin. Aksariyat aviakompaniyalar o‘zlarining PR va marketing kampaniyalari uchun sifatli kadrlarni aynan spotterlardan tijorat litsenziyalari asosida xarid qiladi. Favqulodda vaziyatlar yoki yangi texnikalarning ilk sinovlari aks etgan eksklyuziv kadrlar esa jahon ommaviy axborot vositalarida o‘n minglab dollarga baholanishi hech kimga sir emas.
Tarixga muhrlangan lahzalar: auksionlardagi qimmatbaho suratlar
Garchi «spotter» atamasi zamonaviy leksikonga oid bo‘lsa-da, aviatsiya tarixidagi noyob holatlarni muhrlagan fotograflar asosan o‘z asarlarining tarixiy va badiiy qiymati tufayli katta mablag‘ ishlab kelishgan. Bozor kon’yunkturasida eng yuqori narxlanadigan aviatsiya suratlari – insoniyat tarixini o‘zgartirgan voqealar muhrlangan va hozirgi kungacha o‘ta cheklangan nusxada yetib kelgan originallardir. Bunday tarixiy ahamiyatga ega ilk parvozlar va mudhish halokatlar aks etgan asarlar auksionlarda o‘rtacha 50 mingdan 200 ming dollargacha baholanadi. Xususan, 1903 yildagi aka-uka Raytlarning ilk parvozi muhrlangan original vintage fotosuratlar kolleksionerlar tomonidan 100-200 ming dollarga sotib olinsa, 1937 yili sodir bo‘lgan mash’um «Hindenburg» dirijabli halokatining ilk tasvirlari 80-150 ming dollar atrofida xaridor topgan.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Tarixiy xronikalardan tashqari, zamonaviy fotografiyada samolyotlarni oddiy texnika emas, balki estetik san’at asari sifatida ko‘rsatuvchi yo‘nalish (Fine Art) ham mavjud. Mashhur landshaft fotografi Piter Likning «Aviator Collection» turkumidagi eskirgan harbiy va fuqaro samolyotlari suratlari bunga yorqin misoldir. Uning «Midnight Flight» kabi limitlangan asarlari auksionlarda 9 500 dollar va undan qimmatroqqa pullangan. Bu o‘rinda narxni asosan muallifning brendi, mukammal kompozitsiya va cheklangan tiraj (sanoqli nusxalar) kafolatlaydi.
Eksklyuziv yangiliklar va fojialar yoxud harbiy «sizib chiqishlar» (leaks) ham aviaspottingning daromadli, biroq xatarli qirralaridan biridir. Masalan, 2000 yilda Parijda «Concorde» samolyoti yonib, halokatga uchrayotgan pallani venger talabasi Andras Bardos tasodifan rasmga olgan va yirik axborot agentliklari ushbu eksklyuziv kadr huquqi uchun o‘z davrida 10 mingdan 50 ming dollargacha gonorar to‘lagan. Yashirin harbiy bazalar atrofida hali ommaga e’lon qilinmagan samolyotlar (masalan, B-21 Raider) sinovlarini muhrlagan jasur spotterlar ham nashrlardan katta pul ishlashadi. Ammo bu turdagi faoliyat ko‘pincha davlat siri yoki josuslikka doir o‘ta jiddiy yuridik oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Xavfsizlik va «temir qoidalar»
Bu qanchalik romantik va daromadli soha bo‘lmasin, uning qat’iy, buzib bo‘lmas qoidalari bor. Aviatsiya – xavfsizlik va tartib ustiga qurilgan o‘ta nozik tizim.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Spottingda xavfsizlik choralariga bepisandlik qilish nafaqat shaxsning o‘zi, balki umumiy parvozlar xavfsizligi uchun misli ko‘rilmagan fojiaga aylanishi mumkin.
Samolyot dvigatelidan chiqadigan reaktiv havo oqimi (Jet Blast) yuzlab metr masofadagi og‘ir jismlarni ham uchirib yuborish quvvatiga ega, shu bois uchish yo‘laklari atrofida har doim xavfsiz masofa saqlanishi shart.

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Foto: Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva
Obyektivning shishasi quyosh nurini qaytarib uchuvchi ko‘zini qamashtirmasligi uchun maxsus blendalardan (hood) foydalanish majburiy sanaladi. Samolyotga lazer yo‘naltirish esa eng og‘ir qoidabuzarliklardan biribo‘lib, bu jinoyat deb baholanadi. Qolaversa, hudud xavfsizlik xizmati xodimlari va uchuvchilarda ortiqcha shubha uyg‘otmaslik maqsadida spotterlarning nur qaytaruvchi maxsus nimchalar (high-vis vest) kiyib yurishi butun dunyoda yozilmagan, biroq qat’iy talabdir.
«Strategik obyekt» maqomi: amaliyotdagi keyslar va javobgarlik
O‘zbekiston hududida aviaspotting faoliyati uzoq yillar yopiq mavzu bo‘lib kelganiga qaramay, 2018 yildagi islohotlardan so‘ng sezilarli darajada erkinlashdi. Maxsus ko‘rish maydonchalari qurilishi muhokama qilindi. Biroq huquqiy nozikliklar hamon o‘z kuchida. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 463-sonli qarori bilan strategik obyektlar va maxsus belgi qo‘yilgan hududlarda rasmga olish cheklangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 114-moddasiga binoan, aerodrom hududi va samolyotlar to‘xtash joylarida ruxsatsiz yurish qat’iy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Amaliyotda ushbu talablarga e’tiborsizlik shov-shuvli holatlarni keltirib chiqargan. 2022 yilda rossiyalik sayyoh Maksim Limarning Buxoro aeroportida dron uchirib qo‘lga olinishi mamlakat aeroportlari yaqinida uchuvchisiz qurilmalardan foydalanish mutlaqo taqiqlanganini yana bir bor eslatdi. Xuddi shu yili Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nayotgan samolyot uchuvchisi ko‘ziga lazer yo‘naltirgan shaxs 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan bo‘lsa, 2024 yilda poytaxt osmonida noqonuniy dron uchirgan vengriyalik sayyoh nafaqat jarimaga tortildi, balki qimmatbaho qurilmasidan ham ayrildi.
Xulosa o‘rnida
Aviaspotting shunchaki bulutlar orasidagi po‘lat qushlarning chiroyli tasvirini ovlash emas. Bu – o‘zida yuksak mas’uliyat, texnik malaka va aniq yuridik savodxonlikni jamlagan ixtisoslashgan yo‘nalish. Bugun O‘zbekistonda ham ushbu madaniyat rivoji uchun imkoniyat eshiklari ochilmoqda. Biroq ochiqlik qoidalarni chetlab o‘tishni anglatmaydi: dronlardan noqonuniy foydalanish, strategik hududlarga daxl qilish yoki parvoz xavfsizligiga tahdid solish – har qanday holatda ham jinoiy va ma’muriy javobgarlik tarozi toshiga qo‘yiladi.
Теглар






