Logo

Soxta cheklar ortidan biznes. Keshbek tizimi bekor qilinadimi?

Бугун 19:549 дақиқа

1 foizlik keshbek tizimi yashirin iqtisodiyotni qisqartira oldimi? Nega so‘nggi paytlarda keshbek atrofida firibgarlik, milliardlab so‘mlik soxta cheklar va uni lotereya bilan almashtirish haqidagi takliflar ko‘paydi? Vaqt.uz ushbu maqolada keshbek tizimining qanday ishlashi, uning davlat budjetiga tushayotgan xarajatlari, soxta cheklar orqali ishlagan firibgarlik sxemalari va nazoratdagi muammolarni tahlil qildi.

Bugun ko‘pchilik xariddan so‘ng fiskal chekni «Soliq» mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazib, xarid summasining 1 foizi miqdorida keshbek olishga o‘rganib qolgan. Xaridor uchun bu bir necha ming so‘mlik qaytim bo‘lishi mumkin. Ammo davlat uchun chek bundan ancha muhimroq vazifani bajaradi.

Fiskal chek orqali tadbirkorning qancha savdo qilgani, qancha tushum olgani va tegishli soliqlarni to‘liq hisoblab, undirish uchun zarur ma’lumot shakllanadi. Shu sababli chek yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning eng oddiy, ammo muhim vositalaridan biriga aylangan.

Biroq so‘nggi haftalarda aynan shu tizim jiddiy muhokamalar markaziga chiqdi. Bir tomonda — 1 foizlik keshbek uchun yiliga 150 million dollargacha yetayotgan budjet xarajatlari. Ikkinchi tomonda — keshbekdan foydalanishga odatlanib qolgan millionlab o‘zbekistonliklar. Yana bir tomonda esa — soxta cheklar va keshbek mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish bilan bog‘liq firibgarlik sxemalari.

Hammasi qanday boshlangan edi?

2022-yildan buyon O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun mutlaqo yangi tizim amal qilmoqda. Unga ko‘ra, xaridorlar xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan olgan fiskal chekini «Soliq» mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazganida, xarid summasining 1 foizi keshbek sifatida qaytarib beriladi.

Xarid vaqtida chek bermaslik uchun ham jarima belgilangan. Xususan, bunday holat birinchi marta aniqlanganda, kompaniya tushumining 20 foizi miqdorida jarima solinadi. Bir yil davomida takroran sodir etilganda esa jarima miqdori tushumning 50 foizidan 100 foizigacha oshirilishi mumkin.

Hukumatning bunday jiddiy choralarni ko‘rishga yetarlicha sabablari bo‘lgan. Masalan, o‘sha vaqtlarda yashirin savdolarning iqtisodiyotdagi ulushi katta bo‘lib, YAIMning 53,2 foiziga teng deya baholangan.

Minglab do‘kon va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida xaridorlarga fiskal chek berilmas, savdolar naqd pulda amalga oshirilardi. Natijada bu aylanmalarning bir qismi soliq organlari nazoratidan chetda qolgan.

Chek berilmagan joyda davlat savdo hajmini shaffof aniqlay olmaydi. Demak, qo‘shilgan qiymat solig‘i, daromad solig‘i va boshqa majburiy to‘lovlar ham to‘liq undirilmasligi mumkin.

2026-yilda vaziyat qanday?

Oradan to‘rt yil o‘tgach, ko‘pchilik uchun ahamiyatsiz bo‘lgan fiskal chek kundalik xaridning ajralmas qismiga aylandi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda «Soliq» mobil ilovasidan foydalanuvchilar soni 17,9 million nafarga yetgan. Bir yilning o‘zida 55,5 millionta elektron hisobvaraqlar rasmiylashtirilib, 4,5 milliarddan ortiq onlayn chek haqidagi ma’lumotlar qayta ishlanadi.

rasm

Ya’ni odamlar har kuni supermarketda, dorixonada, kafeda yoki yoqilg‘i quyish shoxobchasida xarid uchun beriladigan cheklardan faol foydalanmoqda.

Bu esa davlat uchun — iqtisodiyotning qayerida qancha savdo bo‘layotganini ko‘rsatadigan muhim ma’lumot manbai.

Boshqacha aytganda, siz «Soliq» ilovasida chekni ro‘yxatdan o‘tkazganingizda, hatto o‘zingiz bilmagan holda davlatga ishlaysiz.

Yashirin iqtisodiyot kamaydimi?

Shuncha mehnat va sarf-xarajatlarga yarasha yashirin iqtisodiyot ulushi kutilganidek qisqardimi?

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, ha!

So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 53,2 foizdan 22,9 foizgacha kamaygan. Budjetdagi qo‘shimcha tushumlar 38 trillion so‘mga yetib, mamlakatda rasmiy band aholi soni esa 8,5 million kishidan oshgan.

Biroq, bu natijalarni faqat 1 foizlik keshbek bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Chunki bu davrda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida onlayn-kassa qamrovi keskin kengaydi. Barcha tovar oqimlari elektron hisob-fakturalar hamda majburiy markirovka tizimi orqali raqamlashtirildi, naqd pulsiz to‘lovlar ulushi ortdi. Soliq organlari tomonidan avtomatlashgan nazorat mexanizmlari joriy etildi.

Unda muammo nimada?

Muammo keshbek pullari uchun sarf xarajatlar oshishida. Fiskal tahlillar instiuti esa ayni shu masalani tahlil qilib, keshbek tizimini bekor qilishni taklif qilmoqda.

2022-yilda buning uchun 820 milliard so‘m sarflangan bo‘lsa, 2026-yil yakunida bu summa deyarli 1,8 trillion so‘mga yaqinlashishi kutilmoqda. Bu dollar qiymatida taxminan 150 million dollarni tashkil qiladi.

Bir tarafdan Fiskal tahlillar institutining so‘zlarida ham jon bor. Odamlar chek so‘rashga o‘rganib bo‘lgan bo‘lsa, nega davlat buning uchun yiliga 150 million dollarlab to‘lashda davom etishi kerak?

Ayniqsa, bu mablag‘ning bir qismi soxta chek va firibgarlik sxemalari orqali noqonuniy o‘zlashtirilayotgan bo‘lsa. Tushunganingizdek, keshbeklar qanday qilib firibgarlar biznesiga aylangani haqida gaplashamiz.

Keshbek pullari qanday qilib firibgarlar biznesiga aylandi?

Qanday qilib tizimni buzmasdan, birorta ham xakerlik hujumisiz, «qonuniy» hujjatlar orqali davlat budjetidan milliard so‘mlik mablag‘ni sezdirmay yechib olish mumkin?!

Bunda kompaniyalar soxta cheklardan foydalangan. Dastlab ishsiz yoki nomiga direktor bo‘lishga rozi bo‘lgan fuqarolar nomiga o‘nlab MCHJlar ochilgan. Keyin ushbu korxonalar bir-biriga yuzlab milliard, hatto trillion so‘mlik elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirgan. Hujjatlarda un, yog‘, shakar yoki go‘sht kabi mahsulotlar sotilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda hech qanday mahsulot mavjud bo‘lmagan.

Qog‘ozdagi ana shu «xaridlar» keyingi bosqich uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Korxonalar nazorat-kassa mashinalari orqali minglab fiskal cheklar chiqaradi. Tizim bularni haqiqiy xarid sifatida qabul qiladi va «Soliq» ilovasi orqali avtomatik ravishda keshbek hisoblay boshlaydi.

Xususan, Soliq qo‘mitasi yirik miqdordagi keshbek mablag‘larini asossiz qaytarib olishga qaratilgan yirik sxema aniqlangani haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2026-yil 16-may kuni bir kunning o‘zida «VS» MCHJ «ZSQ» MCHJdan 585,7 milliard so‘mlik, «GWI» MCHJ esa «ABB777» MCHJdan 551,8 milliard so‘mlik hamda «ZSQ» MCHJdan yana 2,7 milliard so‘mlik sariyog‘ mahsulotlarini qabul qilganini hujjatlarda rasmiylashtirgan. Biroq sayyor soliq tekshiruvi davomida qariyb 1,14 trillion so‘mlik ushbu mahsulotlarning omborlar yoki savdo nuqtalarida mavjud emasligi aniqlangan. Ya’ni hujjatlarda mavjud deb ko‘rsatilgan tovarlar amalda topilmagan.

Bundan tashqari, «ZSQ» MCHJda Surxondaryo viloyati Soliq boshqarmasining 2026-yil 9-iyul kuni o‘tkazgan sayyor soliq tekshiruvida 1,82 trillion so‘mlik, «ABB777» MCHJda esa Navoiy viloyati Soliq boshqarmasining 1-iyul kuni o‘tkazgan soliq auditida 1,83 trillion so‘mlik kirim qilinmagan tovarlar sotilgani aniqlangan. Boshqacha aytganda, korxonalar hisobiga olinmagan mahsulotlarni realizatsiya qilgan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, barcha tekshiruv hujjatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, ayni vaqtda tekshiruvlar davom etmoqda.

Eng qiziq tomoni shundaki, ko‘plab holatlarda bu cheklar ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar nomiga biriktirilgan. Chunki ayrim oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha bunday fuqarolarga 12 foizgacha ijtimoiy keshbek qaytariladi. Firibgarlar aynan shu mexanizmdan foydalanib, davlat mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Firibgarlar tizimdan bir qadam oldinda

Keshbek firibgarligining muvaffaqiyatli ishlashiga imkon bergan eng muhim omillardan biri — «nazorat va to‘lov jarayonlari o‘rtasidagi vaqt tafovuti» bo‘ldi.

Tizimda keshbek mablag‘lari qisqa muddat ichida hisoblab beriladi. Ammo korxonaning haqiqatan ham mahsulot sotgani, elektron hisob-fakturalarda ko‘rsatilgan tovarlar mavjudligi yoki ular bo‘yicha pul o‘tkazmalari amalga oshirilganini tekshirish ko‘pincha keyinroq — reja asosidagi soliq tekshiruvlari davomida aniqlanadi.

Firibgarlar esa aynan shu «fortochka»dan foydalangan. Avval bir necha korxona ro‘yxatdan o‘tkaziladi. So‘ng ular o‘zaro yuzlab milliard, hatto trillion so‘mlik soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtiradi. Keyingi bosqichda nazorat-kassa mashinalari orqali minglab fiskal cheklar yaratiladi va ular asosida «Soliq» ilovasida keshbek hisoblanadi. Mablag‘lar bank kartalariga o‘tkazilib, naqdlashtirilgach yoki boshqa hisob raqamlariga chiqarilgach, korxonalar faoliyati amalda to‘xtatiladi yoki tashlab ketiladi.

Oqibatda nazorat organlari tekshiruvni boshlagan paytda pul allaqachon tizimdan chiqib ketgan bo‘ladi.

Xalqaro amaliyotda bunday holat «audit lag», ya’ni nazoratning moliyaviy operatsiyalardan ortda qolishi deb ataladi. O‘zbekistonda ham aynan shu vaqt tafovuti firibgarlar uchun eng katta ustunlikka aylangan. Tizim noqonuniy operatsiyani sodir bo‘lishidan oldin emas, aksariyat hollarda mablag‘ budjetdan chiqib ketganidan keyingina aniqlay olgan.

Raqamlashtirish yashirin iqtisodiyot uchun yakuniy yechim emas

Soxta keshbek sxemalarining fosh etilishi yana bir muhim jihatni ko‘rsatmoqda: tizimning raqamlashtirilishi uning o‘z-o‘zidan firibgarlikdan himoyalanganini anglatmaydi.

Aksincha, texnologiyalar rivojlangani sari ulardan foydalanishning yangi, noqonuniy usullari ham paydo bo‘lishi mumkin. Ya’ni muammo faqat keshbek tizimining mavjudligida emas, balki uning ustidan nazorat qanday va qanchalik tez amalga oshirilishida. Aynan shu sabab Soliq qo‘mitasi nazoratni kuchaytirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga kirishmoqda.

Soliq qo‘mitasining Axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalari departamenti direktori Farrux Axmedjonovning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, «AI yordamchi» tizimi ishlab chiqilmoqda. U orqali millionlab fiskal cheklar, elektron hisobvaraq-fakturalar va boshqa ma’lumotlarni avtomatik tahlil qilish, shubhali operatsiyalarni esa imkon qadar erta aniqlash ko‘zda tutilgan.

Tizimdan, shuningdek, korxonalar o‘rtasidagi bog‘liqlik, noodatiy operatsiyalar va xavfli tranzaksiyalarni aniqlashda ham foydalanish rejalashtirilmoqda.

Qo‘mita vakilining ma’lum qilishicha, «AI yordamchi» joriy yilning sentabr oyidan barcha foydalanuvchilar uchun ishga tushirilishi kutilmoqda.

Qanday yechim taklif qilinmoqda?

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti ommaviy 1 foizlik keshbek o‘rniga yutuqli o‘yinlar tizimini (lotoreya) joriy etishni taklif qilmoqda. Ya’ni xaridor har bir cheki uchun kafolatlangan 1 foizni olmaydi, buning o‘rniga ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar orasida avtomobil, turistik yo‘llanma va boshqa yirik sovrinlar o‘ynaladi.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday tizimni tashkil etish uchun yiliga 100 milliard so‘mgacha mablag‘ yetarli bo‘lishi va budjet xarajatlarini qariyb 20 barobarga kamaytirish imkoni bo‘lishi mumkin.

Biroq bu taklifning o‘ziga ham savollar bor. Chunki 1 foizlik keshbekda xaridor har bir xariddan kafolatlangan pul oladi. Lotereyada esa chek ro‘yxatdan o‘tkaziladi, ammo sovrin faqat ayrim ishtirokchilarga nasib qiladi. Shu sabab yangi model odamlarni bugungi keshbek kabi faol ravishda chek talab qilishga unday oladimi — bu hozircha ochiq qolmoqda.

Aslida lotereya tizimi allaqachon tajriba sifatida ishga tushirildi

1 foizlik keshbekni lotereya tizimi bilan almashtirish hozircha faqat taklif bo‘lib qolmagan. Hukumat qaroriga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklari asosida yutuqli o‘yinlar tajriba tariqasida joriy etildi.

Yangi tartibga ko‘ra, ushbu hududlardagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida biror narsa xarid qilgan fuqarolar chekni «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazadi. Shundan so‘ng chek avtomatik ravishda yutuqli o‘yinda ishtirok etadi. Ilovada esa foydalanuvchiga uning cheki o‘yinga kiritilgani haqida ma’lumot berib boriladi.

Yutuqli o‘yinlar har oy «Soliq» ilovasidagi maxsus platforma orqali o‘tkaziladi. Bir oy davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha cheklar yagona tanlov bazasiga jamlanadi va g‘oliblar inson omilisiz, tasodifiy tanlash mexanizmi orqali aniqlanadi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda har bir oylik o‘yinning bosh sovrini — avtomobil. Mahalliy hokimliklar esa qo‘shimcha sovrinlar ham taqdim etishi mumkin.

Hukumatning maqsadi faqat sovrin tarqatish emas. Tajriba orqali onlayn nazorat-kassa texnikalaridan foydalanishni kengaytirish, naqd pul aylanmasini qisqartirish va fuqarolarni xarid vaqtida chek talab qilishga yanada faolroq undash ko‘zda tutilgan.

Ammo bu tajribaning eng muhim jihati shundaki, 1 foizlik keshbek hozircha bekor qilinmagan. Ya’ni fuqaro chekni ro‘yxatdan o‘tkazgani uchun odatdagidek keshbek oladi, shu bilan birga yutuqli o‘yinda ham ishtirok etadi.

Masalaning javobidan savollari ko‘p

●     Agar keshbek bekor qilinsa, odamlar chek so‘rashda davom etadimi?

●     Bu yashirin iqtisodiyot ulushini yana oshishiga ta’sir qilmaydimi?

●     Firibgarlar sabab millionlab fuqarolar rag‘batdan mahrum bo‘lishi qanchalik adolatli?

●     Va lotereya bugungi keshbekning o‘rnini bosa oladimi?

Siz uchun qaysi biri afzal? Har bir xariddan keyin kafolatlangan 1 foizlik keshbekmi yoki avtomobil va boshqa yirik sovrinlarni yutish imkoniyatini beradigan lotereyami? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring.

Vaqt.uz’ni kuzatishda davom eting. Kelgusida mavzuning yangi tafsilotlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Теглар

Мафтуна Яхшиликова

Мафтуна ЯхшиликоваМақолалар сони: 101

Барчаси

Мавзуга оид