add

1-fevraldan professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Bugun 10:392 daqiqa

Yangi tizim zo‘ravonlikka uchragan va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan bolalarni vaqtincha oila muhitida himoya qilishni nazarda tutadi.

1-fevraldan professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi

2026 yil 1-fevraldan boshlab zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan, o‘z hayoti va sog‘lig‘iga tahdid mavjud bo‘lgan hamda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi. Ushbu mexanizm bolani institutsional muassasaga joylashtirmasdan, xavfsiz oila muhitida vaqtincha parvarishlashga qaratilgan.

Tutingan oilalarni tayyorlash tartibi

Professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar maxsus o‘quv dasturlari asosida tayyorlanadi. Bu dasturlar zo‘ravonlik natijasida bolada yuzaga kelgan ruhiy jarohatlarning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvordagi og‘ishishlarni bartaraf etish hamda oila a’zolari va tengdoshlar bilan munosabatlarni tiklashga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya choralarini o‘z ichiga oladi.

Bolalarni joylashtirish mexanizmi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilalarga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali joylashtiriladi. Bu jarayon markazlar va tutingan oilalar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Moliyaviy ta’minot

Professional tutingan oilaga joylashtirilgan har bir bola uchun oyiga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi. Shu bilan birga, bolaning kundalik yashash xarajatlari uchun qonunchilikda oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga belgilangan me’yorlar asosida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Xizmat qaysi hududlarda joriy etiladi?

Dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida ushbu tizim asosida kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 2026 yil yakuniga qadar esa bu tajriba respublikaning boshqa hududlariga ham bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid