Logo

1 mln dollar pora bilan qamalgan «O‘zagrolizing» sobiq raisi, Samarqandga kelayotgan AQSH Davlat kotibi va «BlackRock» yordamida ochiladigan moliya markazi — 25-sentabr dayjesti

Kecha 22:553 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

1 mln dollar pora bilan qamalgan «O‘zagrolizing» sobiq raisi, Samarqandga kelayotgan AQSH Davlat kotibi va «BlackRock» yordamida ochiladigan moliya markazi — 25-sentabr dayjesti

«BlackRock» 2027 yilda Toshkent xalqaro moliya markazini ishga tushirishga ko‘maklashadi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, 2027 yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda AQSH investorlari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Muloqot davomida «BlackRock» ushbu markazning konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, AQSH ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi davra suhbatida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga sarmoya jalb qilish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

YeTTB 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini 7,5 foizgacha oshirdi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) o‘zining sentabr oyidagi hisobotida ichki talabning barqarorligi sababli O‘zbekiston iqtisodiyotining 2026 yilgi o‘sish prognozini 7,5 foizgacha oshirdi. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat YAIMi 8,5 foizga o‘sib, Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Bank tahlilchilarining taxminiga ko‘ra, 2027 yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy xavflar sifatida Rossiya iqtisodiyotining sekinlashishi hamda yonilg‘i yetkazib berishdagi uzilishlar ehtimoli qayd etilgan.

O‘zbekistonda oltinsiz eksport qariyb 30 foizga oshdi

Osiyo taraqqiyot bankining (ADB) hisobotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning tovarlar umumiy eksporti oltin sotuvining kamayishi hisobiga 8,8 foizga qisqarib, 15,9 mlrd dollarni tashkil etgan.

Biroq xuddi shu davrda oltin hisobga olinmagan eksport hajmi 29,4 foizga o‘sib, 6,5 mlrd dollarga, xizmatlar eksporti esa 34,9 foizga oshib, 4,6 mlrd dollarga yetgan. Shu bilan birga, import hajmi 21 foizga (25,1 mlrd dollargacha) oshganligi sababli tashqi savdo taqchilligi 3,2 mlrd dollardan 9,3 mlrd dollargacha kengaygan.

«O‘zagrolizing» sobiq rahbari yashirin kelishuv va 1 mln dollarlik «ulush» ortidan qamaldi

«O‘zagrolizing» AJning sobiq boshqaruv raisi Nodir Otajonov va «Inter Agromash» MCHJ ta’sischisi Haydar Abdushukurov Xitoydan eski paxta terish kombaynlarini yangi sifatida olib kelib, fermerlarga qimmat narxda pullash yo‘li bilan sodir etilgan jinoiy tilbiriktiruv uchun javobgarlikka tortildi.

Hujjatlarga ko‘ra, sobiq rais Xitoy kompaniyasi bilan 100 ta qayta jihozlangan (aslida 2019–2021 yillarda ishlab chiqarilgan) kombaynni 8 million dollarga import qilish shartnomasini tuzishga yordam bergani evaziga 1 million 180 ming dollar «ulush» olgan. Shuningdek, ushbu texnikalar bojxonadan yolg‘on ma’lumotlar asosida o‘tkazilib, davlatning 7,5 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlangan.

Marko Rubio 100 dan ortiq biznes vakillarini Samarqandga boshlab kelmoqda

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio joriy yilning oktabr oyi o‘rtalarida 100 dan ortiq Amerika kompaniyalari vakillaridan iborat yirik biznes-delegatsiyaga boshchilik qilgan holda O‘zbekistonning Samarqand shahriga tashrif buyuradi.

Mazkur safar AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash hamda ikki tomonlama diplomatik va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid

1 mln dollar pora bilan qamalgan «O‘zagrolizing» sobiq raisi, Samarqandga kelayotgan AQSH Davlat kotibi va «BlackRock» yordamida ochiladigan moliya markazi — 25-sentabr dayjesti | Vaqt.uz