110 ming dollar pora talab qilgan bank mansabdori ushlandi

25.02.2026 | 09:351 daqiqa

72,9 mlrd so‘mlik soliqni bekor qilish evaziga pora talab qilgan bank mansabdoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

110 ming dollar pora talab qilgan bank mansabdori ushlandi

Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi MCHJda aniqlangan 72 mlrd 956 mln so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni bekor qildirishni va’da qilgan mamlakatdagi yetakchi tijorat banklaridan birining amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Tergov materiallariga ko‘ra, u soliq tekshiruvi natijasida hisoblangan qarzdorlikni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 110 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan pulning bir qismi — 30 ming AQSH dollarini oldindan qabul qilayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ayblovlar

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qarori bilan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha holatlar va boshqa ehtimoliy ishtirokchilarni aniqlash choralarini ko‘rmoqda.

Teglar

Mavzuga oid