Logo

2025-yilda eng ko‘p ko‘mir ishlatgan davlatlar qaysi?

Bugun 13:052 daqiqa

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari jadal rivojlanayotganiga qaramay, ko‘mir hali ham dunyoda elektr energiyasi ishlab chiqarishning eng yirik manbai bo‘lib qolmoqda.

2025-yilda eng ko‘p ko‘mir ishlatgan davlatlar qaysi? © worldenerget.com

2025-yil uchun e’lon qilingan yangi ma’lumotlar qaysi davlatlar eng ko‘p ko‘mir iste’mol qilganini ko‘rsatdi. Reyting Osiyo davlatlarining jahon ko‘mir bozoridagi ustun o‘rnini yaqqol namoyon etadi.

Ma’lumotlar «Statistical Review of World Energy 2026» hisobotiga asoslangan bo‘lib, u Energetika instituti tomonidan tayyorlangan. Ko‘mir iste’moli eksajoul (EJ) — birlamchi energiyani o‘lchash birligida hisoblangan.

Reytingda Xitoy mutlaq yetakchi bo‘lib qolmoqda. Mamlakat 2025-yilda 92,2 eksajoul ko‘mir iste’mol qilgan. Bu ikkinchi o‘rindagi Hindiston ko‘rsatkichidan qariyb to‘rt baravar ko‘p. Buning asosiy sababi Xitoyning yirik energetika tizimi, ulkan sanoat salohiyati va ishlab chiqarish tarmoqlarining ko‘mirga hali ham katta darajada bog‘liqligidir.

photo_2026-07-30_10-37-34


Hindiston 23,1 eksajoul ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu jahondagi umumiy ko‘mir iste’molining qariyb 14 foiziga teng. Xitoy va Hindiston birgalikda dunyoda iste’mol qilinadigan ko‘mirning qariyb 70 foizidan foydalanadi. Bu ikki davlat iqtisodiyoti uchun ko‘mir hali ham muhim energiya manbai ekanini ko‘rsatadi.

Uchinchi o‘rinda AQSH joylashgan bo‘lib, mamlakatda ko‘mir iste’moli 8,7 eksajoulni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Indoneziya (5,2 eksajoul) va Yaponiya (4,4 eksajoul) turadi. Bu uch davlatning umumiy iste’moli ham Xitoyning yakka o‘zi iste’mol qilayotgan ko‘mir hajmining beshdan bir qismiga ham yetmaydi.

Rossiya esa 3,56 eksajoul ko‘rsatkich bilan yettinchi o‘rinni egallagan. 2025-yilda Xitoy va Hindistonda ko‘mir elektr stansiyalarida elektr ishlab chiqarish hajmi yarim asrdan ziyod vaqt ichida birinchi marta kamaygan bo‘lsa-da, dunyo bo‘yicha umumiy ko‘mirga bo‘lgan talab o‘sishda davom etdi. Bu o‘sishga asosan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining jadal sanoatlashuvi sabab bo‘ldi. So‘nggi o‘n yilda Indoneziya va Vietnam ko‘mir iste’molini ikki baravardan ham ko‘proq oshirdi. Bu mamlakatlar elektr energiyasiga ortib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun ko‘mir elektr stansiyalarini kengaytirmoqda.

Bugungi kunda Indoneziya dunyoda to‘rtinchi, Vietnam esa to‘qqizinchi yirik ko‘mir iste’molchisi hisoblanadi. Ko‘plab Osiyo davlatlari uchun ko‘mir hali ham eng arzon va ishonchli energiya manbalaridan biri bo‘lib, sanoat rivoji, urbanizatsiya va elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Yevropada esa eng yirik ko‘mir iste’molchilari Germaniya, Polsha va Chexiya hisoblanadi. Qolgan Yevropa davlatlarining jahon ko‘mir iste’molidagi ulushi esa nisbatan kam.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning iyunida O‘zbekistonda ko‘mir narxi qimmatladi. O‘zbekiston Qirg‘iziston ko‘mirining asosiy xaridori bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid