
2026 yildan «Online-shifokor» tizimi yo‘lga qo‘yiladi
2026 yildan boshlab tez tibbiy yordam xizmatida aholi uchun onlayn shifokor maslahatlari tizimi ishga tushiriladi.
© Фото: ssv.uz Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonda «103» tez tibbiy yordam xizmati ilg‘or xorijiy tajriba asosida bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Bu jarayonda raqamli boshqaruv tizimlari joriy etilmoqda.
Qayd etilishicha, 2025 yilning o‘tgan davrida sohada elektron boshqarish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun 2,4 ming nafar dispetcher maxsus o‘quv kurslaridan o‘tdi. Natijada chaqiruv manziliga yetib borishda kechikish holatlari 1,1 foizdan 0,3 foizgacha kamaydi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning KOFIH tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Samarqand viloyatida simulyatsion o‘quv markazlari tashkil etildi. Bu markazlarda tez yordam brigadalari xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha zamonaviy treninglar o‘tkazildi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, kelgusida tizimni raqamlashtirish jarayoni yanada jadallashadi. 2026 yilda aholi uchun «103» xizmatida «Online-shifokor» maslahatlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, sohadagi elektron dasturlar shifoxonalar va birlamchi tibbiy muassasalar bilan integratsiya qilinadi.
Ma’lumot uchun, oxirgi sakkiz yilda «103» xizmati infratuzilmasi sezilarli kengaydi. Jumladan, xizmat shoxobchalari soni 818 tadan 1 680 taga, brigadalar soni esa 1 648 tadan 2 865 taga yetdi. Bir chaqiruv uchun dori vositalariga ajratiladigan mablag‘ 750 so‘mdan 11 800 so‘mga oshdi. Bu o‘zgarishlar natijasida tez yordam mashinalarining chaqiruvga yetib borish vaqti 25–30 daqiqadan 10–15 daqiqaga qisqardi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida bajarilayotgan tibbiy amaliyot turlari 43 taga yetgani haqida xabar bergan edik.





