2026/27 o‘quv yili uchun davlat stipendiyalari kvotasi tasdiqlandi
Yangi o‘quv yilida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun jami 776 ta Prezident va nomli davlat stipendiyasi ajratiladi. Bu yil stipendiya tanlovida yangi baholash tartibi ham joriy etiladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda 2026/27 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 02/10-5795-sonli xatida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, yangi o‘quv yilida respublika bo‘yicha iqtidorli talabalar uchun jami 776 ta Prezident va nomli davlat stipendiyasi ajratiladi.
Stipendiyalar quyidagicha taqsimlangan:
● Prezident stipendiyasi — 187 ta;
● Islom Karimov stipendiyasi — 194 ta;
● Navoiy stipendiyasi — 175 ta;
● Bobur stipendiyasi — 51 ta;
● Imom al-Buxoriy stipendiyasi — 44 ta;
● Beruniy stipendiyasi — 38 ta;
● Ibn Sino stipendiyasi — 33 ta;
● Abdulla Avloniy stipendiyasi — 16 ta;
● Ulug‘bek stipendiyasi — 13 ta;
● To‘lepbergen Qayipbergenov stipendiyasi — 11 ta;
● Ibroyim Yusupov stipendiyasi — 11 ta;
● Pahlavon Mahmud stipendiyasi — 3 ta.
Mazkur stipendiyalar respublika bo‘yicha yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan 335 ming 471 nafar talaba orasidan o‘qishdagi yuqori natijalari, ilmiy izlanishlari hamda jamoatchilik faoliyati bilan ajralib turgan eng munosib nomzodlarga beriladi.
Shuningdek, nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Endi 2026/27 o‘quv yilidan boshlab stipendiyaga talabgorlarning axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan hududlar kesimida o‘tkaziladigan maxsus test sinovlari orqali baholanadi.





