25 ta korxona ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi

Bugun 12:552 daqiqa

Ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan korxonalar bozorda ustun mavqega ega bo‘lmasa ham, bitim shartlari, tovarlar sotiladigan hudud yoki narxga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

25 ta korxona ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi © istock

Raqobat qo‘mitasi tahlillari natijasida mamlakatning turli hududlarida faoliyat yurituvchi 25 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, qo‘mitaning hududiy boshqarmalari respublika bo‘ylab tovar va moliya bozorlaridagi raqobat muhitini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli tahlil ishlarini amalga oshirgan.

Tahlillar davomida bozor ishtirokchilarining faoliyati, ularning bozordagi ta’sir doirasi va shartnomaviy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari baholanib, 25 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududlarda ustun muzokara kuchiga ega deb topilgan. Bu haqda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasi asosida Raqobat qo‘mitasi hududiy organlarining tegishli buyruqlari bilan rasmiylashtirilgan.

Ustun muzokara kuchi nima?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi subyekt bozorda ustun mavqega ega bo‘lmagan taqdirda ham, agar u bitim shartlari, tovar sotiladigan hudud yoki narxlarga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lsa, bunday holat ustun muzokara kuchi sifatida baholanadi.

Bu maqom korxonaning bozordagi ta’siri yuqori ekanini anglatadi, ammo unga raqobatni cheklash huquqini bermaydi.

Qonunchilikda bunday subyektlar faoliyati ustidan alohida nazorat mexanizmlari ham nazarda tutilgan.

O‘zbekistondagi ustun muzokara kuchiga ega korxonalar ro‘yxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Shu bilan birga, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasiga muvofiq, ustun muzokara kuchiga ega deb topilgan subyektlar raqobatni cheklashga olib keladigan harakatlarni amalga oshirishi mumkin emas.

Shuningdek, iste’molchilarning yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini kamsituvchi amaliyotlar ham taqiqlangan.

Raqobat qo‘mitasi mazkur maqomga ega korxonalarning bozordagi xatti-harakatlarini doimiy monitoring qilib borishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi OLX platformasini O‘zbekistondagi onlayn e’lon joylashtirish xizmatlari bozorida ustun mavqega ega raqamli operator sifatida e’tirof etgandi.

Teglar

Mavzuga oid