29 ta korxona birja savdolaridan chetlashtirildi — Raqobat qo‘mitasi
Ichki bozorda bug‘doy mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlar natijasida 29 ta subyekt qonunbuzarlik uchun birja savdolaridan chetlashtirildi.

O‘zbekistonda ichki bozorda bug‘doy va un mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar natijasida qator qonunbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bug‘doy va un mahsulotlari yuqori likvidli hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar qatoriga kiritilgan bo‘lib, ularni sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan. Shu bois Qo‘mita tomonidan ushbu mahsulotlar realizatsiyasi doimiy ravishda tahlil qilib borilmoqda.
Monitoringlar davomida davlat resursi hisobidan xarid qilingan bug‘doydan ishlab chiqarilgan un mahsulotlarini birja savdolariga chiqarmaslik holatlari kuzatilgan. Qonunchilikka ko‘ra, bunday mahsulotlar belgilangan hajmlarga muvofiq ravishda birja orqali sotilishi shart.
Aniqlangan qonunbuzarliklar asosida 2026 yil 3-apreldan boshlab 29 ta korxona birja savdolaridan chetlashtirildi. Ular davlat resursi bug‘doyidan ishlab chiqarilgan unni birja orqali sotish talablarini bajarmagan yoki to‘liq ta’minlamagan.
Shuningdek, joriy yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra, 25 ta un ishlab chiqaruvchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ularga nisbatan tegishli ta’sir choralarini qo‘llash bo‘yicha qarorlar qabul qilingan.
Qo‘mita ta’kidlashicha, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida birja savdolarida shaffoflik va intizom qat’iy nazorat ostida saqlanadi. Belgilangan tartiblar buzilgan taqdirda esa qonun doirasida keskin choralar ko‘riladi.
Hozirda davlat resursi bug‘doyini xarid qilgan korxonalar faoliyati va mahsulotlar realizatsiyasi bo‘yicha monitoring ishlari izchil davom ettirilmoqda.





