82 nafar o‘zbekistonlik Istanbul aeroportida qolib ketdi
Saudiyadan qaytgan ziyoratchilar turfirmalar majburiyatni bajarmagani sabab Turkiya aeroportida qolib ketdi.
© O‘zbekistonnning Istanbuldagi Boshkonsulxonasi l videodan kadr2026 yil 18-aprel kuni 82 nafar o‘zbekistonlik fuqaro Turkiyaning «Sabiha Gokcen» xalqaro aeroportida murakkab vaziyatga tushib qolgani aniqlandi.
Qaysi turfirmalardan foydalangan
Ma’lum qilinishicha, fuqarolar «Ihlos Travel» va «Hikmat Travel» xizmatlaridan foydalangan holda Ar-Riyod—Istanbul—Chimkent—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha umra safarini amalga oshirishni rejalashtirgan. Biroq turfirmalar tomonidan majburiyatlar to‘liq bajarilmagani natijasida ziyoratchilar xorijda qolib ketgan.
Yo‘lovchilar orasida keksa va bemorlar ham bo‘lib, ular uzoq vaqt aeroportda qolib ketgani sabab qiyin ahvolga tushgan. Ular reysni o‘zgartirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga qaytish imkoniyatini so‘ragan.
Konsulxona aralashuvi
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi holatga aralashib, tegishli idoralar va turfirmalar bilan muzokaralar olib borgan. Natijada fuqarolar tranzit hududida vaqtincha oziq-ovqat, transport va zarur xizmatlar bilan ta’minlangan.
Shuningdek, ziyoratchilarni kelishilgan yo‘nalish bo‘yicha xavfsiz ravishda Vatanga qaytarish ishlari to‘liq nazoratga olingan. Konsulxona bu kabi holatlarning oldini olish uchun fuqarolar va turfirmalarga oldindan barcha aviachiptalarni rasmiylashtirish, tranzit ma’lumotlarni aniq berish va safar davomida doimiy aloqani ta’minlashni tavsiya qildi.





