add

Afg‘onistondagi 6,3 balli zilzilada 12 kishi qurbon bo‘ldi

Bugun tungi soat 1:30 larda Afg‘oniston shimolida sodir bo‘lgan kuchli zilzila O‘zbekistonning ko‘p qismida sezildi. Tabiiy ofat kamida 12 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 150 dan ortiq odam yaralangan.

Afg‘onistondagi 6,3 balli zilzilada 12 kishi qurbon bo‘ldi

3 noyabrga o‘tar kechasi soat 1:30 larda Afg‘oniston shimolida joylashgan Mozori Sharif shahri yaqinida 6,3 balllik zilzila sodir bo‘ldi. Kuchli seysmik tebranishlar O‘zbekistonning bir qator hududlarida aholi uyqusini uchirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i Mozori Sharifdan janubiy-sharqda bo‘lgan va bir daqiqacha davom etgan. CNN telekanalining Afg‘oniston rasmiylariga tayanib ma’lum qilishicha, tabiiy ofat oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan, 150 dan ziyod kishi turli darajada tan jarohati olgan. Mozori Sharifdagi tarixiy Ko‘k masjidning ayrim qismlari shikastlangani ma’lum qilindi.

Zilzila kuchi ayniqsa epitsentrdan 90 kilometr uzoqlikda joylashgan Termiz shahrida kuchli sezilgan. Bu yerda tebranishlar 5,5 ball atrofida qayd etilgan. Qashqadaryo viloyatida 4–4,5 ball, Samarqand, Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarida 3 ball atrofida, Toshkent shahrida esa 2,5–3 ball darajasida his etilgan.

Seysmologlarning ta’kidlashicha, bu zilzila Yer yuzida so‘nggi 24 soat ichida qayd etilgan eng kuchlisi bo‘lib turibdi. O‘zbekiston FVV hozircha O‘zbekiston hududida talafotlar to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushmaganini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid

Afg‘onistondagi 6,3 balli zilzilada 12 kishi qurbon bo‘ldi | Vaqt.uz