
Ahmad ash-Shar’a 1946 yildan beri Oq uyga tashrif buyurgan birinchi Suriya rahbari bo‘ldi
Tramp yaqinda Ahmad ash-Shar’ani "hozircha juda yaxshi ishlayotganini" va AQSH sanksiyalarni yumshatganidan beri "Suriya bilan ko‘p yutuqlarga erishilganini" aytgandi.

AQSH prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Oq uyda suriyalik mavqedoshi Ahmad ash-Sharani qabul qilmoqda.
Bu Suriya davlat rahbarining 1946 yilda Yaqin Sharq mamlakati Fransiyadan mustaqillikka erishganidan keyin Oq uyga ilk tashrifi bo‘lib, AQSH Asadlar oilasi hukmronlik qilgan o‘n yilliklar davomida Suriyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilganidan so‘ng amalga oshmoqda
Ahmad ash-Shar’a o‘tgan yilning dekabr oyida Suriyaning sobiq diktatori Bashar Asadni ag‘dargan kuchlarga rahbarlik qilgan va keyinchalik mamlakat rahbari etib tayinlangan
Tramp va Ahmad ash-Shar’a ilk bor may oyida Saudiya Arabistonida uchrashgan edi. O‘shanda AQSH prezidenti Ahmad ash-Shar’ani «yosh, kelishgan yigit, baquvvat odam, kuchli o‘tmishga, juda kuchli o‘tmishga ega jangchi», - deb ta’riflagan.
Bu sobiq prezident Bill Klinton Basharning otasi Hofiz Asad bilan uchrashgan 2000 yildan beri AQSH va Suriya o‘rtasidagi birinchi rasmiy uchrashuv hisoblanadi
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levittning aytishicha, dushanbadagi tashrif «prezidentning tinchlik yo‘lida dunyoning istalgan nuqtasidagi shaxslar bilan uchrashish borasidagi diplomatik sa’y-harakatlarining bir qismidir».
Tramp yaqinda Ahmad ash-Shar’ani «hozircha juda yaxshi ishlayotgani» va AQSH sanksiyalarni yumshatganidan beri «Suriya bilan ko‘p yutuqlarga erishilgani»ni aytgan.
Sanksiyalarni bekor qilish shartlari
Ahmad ash-Shar’a AQSHga kelishidan oldin BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya prezidenti va boshqa hukumat amaldorlariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risida ovoz berdi. AQSHning BMTdagi elchisi Mayk Vals bu harakatni Asad qulaganidan so‘ng Suriya yangi davrga kirganining kuchli belgisi deb baholadi
Ahmad ash-Shar’a uchrashuvga o‘z ustuvorliklari bilan kelmoqda. U Asad hukumati va xavfsizlik kuchlari tomonidan inson huquqlarini buzganlik bo‘yicha keng tarqalgan ayblovlar tufayli Suriyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar butunlay bekor qilinishini istaydi. Hozirda Sezar qonuni sanksiyalari Tramp tomonidan to‘xtatib turilgan bo‘lsa-da, ularni butunlay bekor qilish uchun Kongress harakati talab etiladi
Variantlardan biri — Senat Tashqi aloqalar qo‘mitasidagi yetakchi demokrat senator Janna Shahinning hech qanday shartlarsiz sanksiyalarni bekor qilish taklifi. Ikkinchisi esa har olti oyda qayta ko‘rib chiqiladigan sanksiyalarni bekor qilish shartlarini belgilashni taklif qilayotgan Trampning qattiqqo‘l ittifoqchisi senator Lindsi Grehem tomonidan tayyorlangan.





