Aholi valuta savdosining 41 foizini onlayn amalga oshirgan — Markaziy bank
2025-yil davomida jismoniy shaxslarning masofaviy xizmatlar orqali amalga oshirgan valuta savdosi 13,8 milliard dollarga yetib, umumiy ulushning 41 foizini tashkil qildi.

2025-yilda O‘zbekistonda aholi va banklar o‘rtasida jami 33,6 milliard dollarlik xorijiy valuta oldi-sotdi qilindi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 8,1 milliard dollarga yoki 32 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bank tahlilida ma’lum qilindi.
Jismoniy shaxslarning valuta oldi-sotdi ko‘rsatkichi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, banklar jismoniy shaxslardan 21,6 milliard dollarlik valuta sotib olgan bo‘lib, bu yillik hisobda 34 foiz o‘sishni tashkil etdi. Shu bilan birga, aholiga 12 milliard dollarlik xorijiy valuta sotilgan va bu ko‘rsatkich ham 27 foizga oshgan.
Operatsiyalarning asosiy qismi an’anaviy valuta ayirboshlash shoxobchalari hissasiga to‘g‘ri keldi — 19,3 milliard dollar yoki umumiy hajmning 57 foizi. Biroq eng yuqori o‘sish sur’ati onlayn xizmatlarda qayd etildi: masofaviy xizmatlar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar 13,8 milliard dollarga yetdi va ularning ulushi 41 foizni tashkil qildi.
Shuningdek, 24/7 rejimida ishlovchi valuta bankomatlari orqali 574 million dollarlik operatsiyalar bajarilgan bo‘lib, bu segment ham barqaror o‘sishni namoyon etmoqda.
Mutaxassislar fikricha, onlayn va avtomatlashtirilgan xizmatlar ulushining ortishi aholi uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanishni yanada qulaylashtirmoqda. Bu esa raqamli bank infratuzilmasi izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, banklar tomonidan aholidan sotib olingan valuta hajmi sotilgan valutaga nisbatan 9,7 milliard dollarga ko‘p bo‘lgan. Bu holat ichki valuta bozorida qo‘shimcha taklif shakllanishiga va bozor muvozanatini ta’minlashga xizmat qilmoqda.





