Alimentni oylik daromadga qarab hisoblash tartibi bekor qilinishi mumkin
Qonunchilikka ko‘ra, rasmiy daromad oluvchilar ham, norasmiy ishlaydigan shaxslar ham alimentni o‘z oylik daromadidan kelib chiqqan holda to‘laydi. Bunda 1 bola uchun — ish haqining to‘rtdan bir qismi, 2 farzand uchun — uchdan bir qismi va 3 va undan ortiq bola uchun — ish haqining yarmi undiriladi.

Senatning 11-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan 19-yalpi majlisida so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova mamlakatda aliment miqdorini belgilash tartibi o‘zgartirilishi mumkinligi haqida gapirdi.
U yig‘ilishda oxirgi paytlarda aliment masalasi keskin muhokamalarga sabab bo‘layotganiga to‘xtalar ekan, aliment to‘lashdan bosh tortish maqsadida haqiqiy daromadini yashirayotganlar, minimal oylik to‘lanadigan ishga o‘zini rasmiylashtirib, aliment miqdorini kamaytirish holatlari kuzatilayotganini aytdi.
Hukumat bunday holatlarni inobatga olib, yangicha undiruv mexanizmi ishlab chiqish taklifini berdi. Kattaxonova bolalar ta’minotini mustahkamlash va kafolatlash maqsadida har bir yosh toifalari kesimida minimal iste’mol savati belgilanishini aytib, aliment miqdorini ota yoki onaning oyligidan kelib chiqib emas, bolaga kerak bo‘ladigan iste’mol savati asosida belgilash taklif etilayotganini ma’lum qildi.
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hukumat Majburiy ijro byurosining aliment undirish funksiyasini xususiy sektorga o‘tkazish taklifini ilgari surmoqda.
Oila kodeksiga ko‘ra, rasmiy daromad oluvchi fuqarolar, shuningdek, norasmiy ishlaydigan shaxslar ham alimentni o‘z oylik daromadidan kelib chiqqan holda to‘laydi. Aliment miqdori farzandlar soniga qarab quyidagicha belgilanadi:
bir bola uchun — ish haqining to‘rtdan bir qismi;
ikki farzand uchun — uchdan bir qismi;
uch va undan ortiq bola uchun — ish haqining yarmi undiriladi.
Shu bilan birga, sud tomonlarning moddiy va oilaviy sharoitini inobatga olgan holda aliment miqdorini kamaytirishi yoki oshirishi mumkin.
Norasmiy daromad oladigan shaxslar uchun aliment miqdori o‘rtacha ish haqi asosida hisoblab chiqiladi. Ayni paytda rasmiy daromadga ega bo‘lmagan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan aliment miqdori quyidagicha:
bir bola uchun — 1,7 million so‘m;
ikki farzand uchun — 2,3 million so‘m;
uch va undan ortiq bolalar uchun — 3,4 million so‘m.
11-sentabr kuni qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlarda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari jalb etilishi belgilandi.





