Andijonda hokim o‘rinbosari pora bilan ushlandi
Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari va kadastr mansabdori 50 sotix yerni auksiondan olib berish uchun 100 ming dollar talab qilib, 30 ming dollar olayotganda qo‘lga tushgan.
© Videodan kadrAndijon viloyati Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari va kadastr bo‘limi mansabdori tadbirkordan 100 ming dollar talab qilib, shundan 30 ming dollarini olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari hamda Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali mansabdori o‘zaro til biriktirgan. Ular o‘z xizmat mavqelaridan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirishgan. Mansabdor shaxslar tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 50 sotix yer maydonini onlayn auksion savdolari orqali arzon narxda mazkur fuqaro nomiga yutib berishni va’da qilishgan. Bu xizmat evaziga esa undan 100 ming dollar talab qilishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida maxsus tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida ushbu ikki mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 30 ming AQSH dollarini uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan va ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» va «g» bandlari (juda ko‘p miqdorda, xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora berishda ishtirokchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur ish doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.





