
Andijonda kriptoaktivlar bilan bog‘liq yirik tovlamachilik fosh etildi
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi deya tanishtirganlar fuqaroni qo‘rqitib, 100 ming dollarlik kriptoaktivini tortib olgan.

Andijon viloyatida o‘zlarini huquq-tartibot idoralari xodimi deb tanishtirib, fuqaroni qiynoq va tahdidlar orqali kriptoaktivlaridan mahrum qilgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, guruh a’zolari kriptoaktivlar ayirboshlash bilan shug‘ullanuvchi shaxsni oldindan kuzatib, uni mijoz sifatida Andijon shahridagi supermarketlardan biri oldiga uchrashuvga chaqirgan. Uchrashuv vaqtida jabrlanuvchi «Damas» avtomashinasiga o‘tqazilib, gumonlanuvchilar o‘zlarini huquq-tartibot idoralari xodimi sifatida tanishtirgan. Ular jabrlanuvchini noqonuniy kriptoaylanma bilan shug‘ullanishda ayblab, jinoiy javobgarlik bilan qo‘rqitishgan.
Qurol va o‘tkir tig‘li jismlardan foydalangan holda qiynoqqa solish orqali undan 150 ming dollar talab qilingan. Natijada tovlamachilik yo‘li bilan 100 ming dollar miqdoridagi kriptovalyuta gumonlanuvchilar hisoblariga o‘tkazib olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh tarkibida muqaddam bir necha bor og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar bo‘lgan. Ularning ayrimlari hozirda mamlakat hududini tark etgan bo‘lib, xalqaro qidiruv choralari ko‘rilmoqda. Qolgan gumonlanuvchilarni qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda.
Tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolaridan biri tomonidan sodir etilgan qo‘shimcha jinoyat ham aniqlangan. U ayol kishiga kuch ishlatib, tan jarohati yetkazgani, shuningdek, uning iPhone 16 Pro Max telefonini tortib olgani va pul talab qilgani ma’lum qilindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tovlamachilik, talonchilik va boshqa bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ichki ishlar organlari ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan fuqarolarni 102 raqami yoki yaqin IIB bo‘limlariga murojaat qilishga chaqirmoqda.





