«Anthropic» Xitoy SI-startaplarini ommaviy ma’lumot o‘g‘irlashda ayblayapti
Kompaniya rahbariyati xitoylik ishlab chiquvchilarning bunday harakatlari Amerika Qo‘shma Shtatlari milliy xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solishini aytyapti.

Amerikaning sun’iy intellekt sohasidagi startapi «Anthropic» uchta yirik xitoylik SI ishlab chiquvchisi o‘z tizimlarini o‘qitish uchun ularning «Claude» flagman modelidan ma’lumotlarni noqonuniy yuklab olish maqsadida 24 mingdan ortiq soxta akkaunt yaratganini ma’lum qildi. Bu haqda «The Wall Street Journal» xabar berdi.
Sxema qanday ishlagan?
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning «DeepSeek», «Moonshot AI» va «MiniMax» firmalari «Claude» modeliga 16 milliondan ortiq so‘rov yuborgan. Bu harakatlardan maqsad «distillyatsiya» deb ataluvchi taktikadan foydalanish bo‘lgan.
Distillyatsiya – bu kuchli va allaqachon o‘qitilgan model javoblaridan boshqa, kichikroq dasturni yaratishda o‘quv materiali sifatida foydalanish jarayonidir.
«Anthropic»ning ta’kidlashicha, distillyatsiyaning o‘zi qonuniy qo‘llanilishi mumkin, masalan, kompaniyalar o‘z mahsulotlarining kichiklashtirilgan versiyalarini yaratayotganda. Biroq boshqa kompaniya algoritmlaridan foydalanish raqobatchilarga «vaqt va xarajatning juda kichik qismi evaziga» o‘xshash mahsulot yaratish imkonini beradi hamda asosiy tadqiqotlarga sarflanadigan milliardlab dollar xarajatlardan qochish imkonini yaratadi.
Bu bayonot shu oy boshida «Anthropic»ning asosiy raqobatchisi «OpenAI» amerikalik kongressmenlarga maktub yo‘llab, unda ham «DeepSeek»ni distillyatsiya mexanizmi orqali o‘z mahsulotlarini ko‘chirishda ayblaganidan so‘ng yangradi.
Kim eng ko‘p ma’lumot yuklab olgan?
Amerika neyrotarmog‘idan foydalanish ko‘lami kompaniyalarga qarab sezilarli darajada farq qilgan:
«MiniMax» eng faol bo‘lgan, u «Claude» bilan 13 milliondan ortiq o‘zaro aloqa amalga oshirgan.
«Moonshot AI» 3,4 milliondan ortiq so‘rov yuborgan.
«DeepSeek» esa ushbu uchlik orasida eng kam ulushga ega bo‘lib, 150 mingta o‘zaro aloqa qayd etilgan.
Aytib o‘tilgan Xitoy kompaniyalarining hech biri jurnalistlarning bu ayblovlarga izoh berish haqidagi so‘roviga javob bermagan.
Xitoylik ishlab chiquvchilar qanday izoh bermoqda?
So‘nggi paytlarda Xitoy kompaniyalari mantiqiy fikrlash va dastur kodini yozish imkoniyatlari yaxshilangan yangi SI modellarini faol taqdim etmoqda. «DeepSeek» yaqin vaqtlarda navbatdagi avlod tizimini namoyish etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘tgan yiliyoq «DeepSeek»ning jadal muvaffaqiyati mutaxassislar orasida shubhalar uyg‘otgan edi, ayrimlar Xitoy AQSHni aynan distillyatsiya orqali tezda quvib yetgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblagan, chunki u eng zamonaviy mikrochiplarga to‘liq kirish imkoniga ega emas edi.
Sentyabr oyida yangilangan tadqiqotida «DeepSeek» vakillari o‘zlarining asosiy V3 modeli yakuniy o‘qitish bosqichida faqat oddiy veb-sahifalar va elektron kitoblardan foydalanganini, «sintetik ma’lumotlar»dan (boshqa SI tomonidan yaratilgan ma’lumotlar) qochganini ta’kidlagan. Biroq ular ayrim saytlarda «OpenAI» modeli tomonidan yaratilgan «ko‘p miqdordagi javoblar» mavjud bo‘lganini tan olgan. Shu sababli, ularning tizimi bu bilimlarni bilvosita tarzda olgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, «Moonshot AI» iyul oyidagi texnik hisobotida o‘zining «Kimi K2» modeli o‘qitilishida sintetik ma’lumotlardan foydalanganini ochiq tan olgan. Internetda sifatli ma’lumotlar taqchilligi kompaniyalarni bu usulga tobora ko‘proq murojaat qilishga majbur qilmoqda, ayniqsa foydalanuvchi o‘rniga mustaqil vazifalarni bajara oladigan tizimlar yaratish haqida gap ketganda.
AQSH milliy xavfsizligiga tahdid
«Anthropic» rahbariyatining ta’kidlashicha, xitoylik ishlab chiquvchilarning bunday harakatlari Amerika Qo‘shma Shtatlari milliy xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid soladi.
«Amerika modellarini distillyatsiya qilayotgan xorijiy laboratoriyalar keyinchalik bu himoyalanmagan imkoniyatlarni harbiy, razvedka va kuzatuv tizimlariga integratsiya qilishi mumkin», – deya ta’kidlandi kompaniya bayonotida.





