Antireyting: murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati ochiqlandi
Markaziy bank 2026-yil I chorak yakuniga ko‘ra, banklar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar asosida tuzilgan indeksni e’lon qildi.
© Foto: Vaqt.uzMarkaziy bank 2026-yil I chorak yakuniga ko‘ra, murojaatlar bilan eng yomon ishlaydigan banklar indeksini e’lon qilindi.
Regulyator iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda bank xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Markaziy bank va boshqa davlat idoralariga banklar faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni muntazam tahlil qilib bormoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mijozlar murojaatlari bo‘yicha eng yomon ishlaydigan banklar ro‘yxatida birinchi o‘rinni «Biznesni Rivojlantirish banki» egallagan. Keyingi o‘rinlarda esa «Anorbank» va «Mikrokreditbank» turibdi.
Shuningdek, «AVO bank» va «TBC bank» ham murojaatlar bo‘yicha salbiy ko‘rsatkichga ega banklar ro‘yxatida to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlardan joy olgan.

Manba: Markaziy bank
Markaziy bank mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi yuqori bo‘lgan banklar quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratishi lozimligini bildirdi:
— bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha mijozlarga yetarli tushuntirish berilmasligi;
— murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etilmasligi;
— takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarning saqlanib qolishi;
— masofaviy xizmatlar, to‘lovlar, kreditlar va boshqa bank operatsiyalari bilan bog‘liq muammolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi;
— iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurligi.
Shu bilan birga regulyator mazkur banklarga quyidagi tavsiyalarni berib o‘tdi:
— murojaatlar kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish;
— takroriy shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish;
— murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish;
— mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish;
— iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan profilaktik choralarni kengaytirish.
«Mazkur indeks bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi», — deya eslatib o‘tgan Markaziy bank.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda banklarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini baholovchi maxsus indeks joriy qilinishi haqida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’lum qilgandi.





